Blogerlar daromadini nazorat qilish va reklama markirovkasi — Soliq qoʻmitasi vakili blogerlarni soliqqa tortish haqida
Soliq qoʻmitasi oʻrganishlariga koʻra, mamlakatda 2 mingdan ortiq bloger faoliyat yuritmoqda. Yaqin orada ularning daromadlarini soliqqa tortish hamda ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarni markirovkalash boʻyicha yangi tartiblar eʼlon qilinishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston Soliq qoʻmitasi mamlakatda blogerlar faoliyatini soliqqa tortish boʻyicha yangi amaliyotlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Soliq qoʻmitasi tegishli boshqarmasi bosh davlat soliq inspektori Kamola Axmedjanova “Sputnik Oʻzbekiston”ga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, oʻrganishlar natijasida Oʻzbekistonda 2 mingdan ortiq bloger faoliyat yuritayotgani aniqlangan. Ularning 110 nafarining faoliyati tahlil qilinganda, 88 nafari rasmiy roʻyxatdan oʻtib ishlayotgani maʼlum boʻlgan. Shundan 55 nafari oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida, yana 22 nafari esa jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritmoqda.
Elektron hisob-fakturalar tahliliga koʻra, oʻrganilgan 110 nafar blogerning faqat 66 nafari soliq toʻlovlarini amalga oshirgani aniqlangan.
Kamola Axmedjanovaning aytishicha, blogerlarni soliqqa tortish uchun Soliq qoʻmitasining mavjud bazasida barcha zarur imkoniyatlar mavjud. Yaqin kunlarda qoʻmita blogerlar faoliyatini soliqqa tortish boʻyicha oʻz pozitsiyasini matbuot anjumani orqali eʼlon qilishi kutilmoqda. Unda blogerlar uchun soliq toʻlash tartibi boʻyicha tushuntirishlar berilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Soliq qoʻmitasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda onlayn reklamani markirovkalash tizimi boʻyicha loyiha ishlab chiqmoqda. Mazkur tizim blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan reklamalarni maxsus belgi yoki kod bilan markirovkalashni nazarda tutadi.
Qayd etilishicha, bloger sifatida tan olinishi uchun shaxs kamida 10 ming nafar obunachiga ega boʻlishi kerak. Bu borada Rossiya tajribasi oʻrganilgan.









