Bitcoin narxi $77 000 dan pastga tushib ketdi
Pasayish AQSh tomonidan eʼlon qilingan yangi savdo bojlarining global iqtisodiyotga salbiy taʼsiri bilan bogʻlanmoqda.

Yakshanba kuni kriptovalyuta bozori navbatdagi silkinishni boshdan kechirdi. Bitcoin qisqa vaqt ichida 3% dan koʻproqqa tushib, 80,000 dollardan pastga quladi. Xabar nashr qilinayotgan paytda kriptovalyuta birjalarda $76 700 atrofida savdo qilinmoqda.
Bu pasayish AQSh tomonidan eʼlon qilingan yangi savdo bojlarining global iqtisodiyotga salbiy taʼsiri bilan bogʻlanmoqda. Prezident Donald Tramp tomonidan chorshanba kuni eʼlon qilingan bu chora butun moliyaviy bozorlarda xavotir uygʻotdi.

Natijada nafaqat kriptovalyutalar, balki AQSh fond bozori ham sezilarli darajada tushib ketdi. S&P 500 va Nasdaq Composite indekslari 6% atrofida qiymatini yoʻqotdi. Iqtisodchi Xolger Zshapitsning yozishicha, fond bozori qiymati bir haftada 8,2 trillion dollarga kamaygan — bu hatto 2008 yilgi inqirozning eng ogʻir haftasidan ham yomonroq koʻrsatkich.
Bitcoin’ning bu pasayishi kriptovalyuta bozorining boshqa yirik aktivlariga ham taʼsir koʻrsatdi. Efirium 24 soat ichida deyarli 8% ga tushdi va ETH/BTC nisbati soʻnggi 5 yildagi eng past darajaga yetdi. GMCI 30 indeksi — bozorning eng yirik 30 kriptoaktivini kuzatib boruvchi koʻrsatkich — bir kun ichida 6% ga kamaydi. Mazkur koʻrsatkich yil boshidan beri 32% dan ortiq pasaygan.