Birovga kredit olib berish yoki kafil boʻlish: oʻylamasdan qabul qilingan qarorning yashirin moliyaviy xavflari
Oʻzbekistonda kredit bozorining kengayishi bilan birga yana bir muammo ham kuchayib bormoqda: birovga kredit olib berish yoki kafil boʻlish. Bu ikki holat koʻpincha yaqinlar, doʻstlar, qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasidagi ishonchga asoslanadi. Ammo moliyaviy tizimda “ishonch” huquqiy kuchga ega emas, har qanday hujjatdagi imzo moliyaviy majburiyatdir, qarzdor toʻlamasa, bank kafilning orqasidan boradi.

Kafil boʻlishning huquqiy tomoni: imzo bilan birga keladigan masʼuliyat
Kafil kim?
Kafil — bu kafillik shartnomasi boʻyicha boshqa shaxs oʻz majburiyatini toʻla yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni oʻz zimmasiga oluvchi shaxs (Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 292-moddasi).
Qonunchilikka koʻra, agar kredit olgan shaxs oʻz majburiyatini bajarmasa, bank birinchi navbatda kafilga murojaat qiladi. Jismonan boshqa odam qarzni olgan boʻlsa ham, hujjatda imzosi bor kishi:
- asosiy qarz
- foizlar
- jarimalar
- penya
- undirish xarajatlari
- sud va ijro harajatlari uchun birgalikda masʼul hisoblanadi.
Qarzdor kredit boʻyicha majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, agar qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar boʻlishi nazarda tutilgan boʻlmasa.
Taʼkidlash lozimki, amaliyotda koʻp hollarda kredit tashkilotlari oʻz manfaatlarini koʻzlagan holda kredit boʻyicha uchinchi shaxslar kafilligi yuzasidan tuziladigan shartnomalarda kafilning kredit tashkiloti oldida solidar javobgarligini belgilab qoʻyishadi.
Maʼlumot uchun: Solidar javobgarlik - kreditor majburiyatlarning ijro etilishini qarzdorlardan (qarz oluvchi va kafildan) birgalikda yoki ularning istalgan biridan bajarishni talab qilishga haqli boʻlishidir. Solidar qarzdorlarning biridan toʻliq qanoatlanmagan kreditor ololmagan narsasini boshqa solidar qarzdorlardan talab qilish huquqiga ega.
Bunda, kafil va qarzdor kredit tashkiloti oldida solidar javobgar boʻlgan holatda, kreditning asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarini toʻlash boʻyicha majburiyat qarzdor tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan boʻlsa, kredit tashkiloti qarz oluvchidan ham kafildan ham majburiyatni bajarishni talab qiladi.
Demak, kafil boʻlish — bu “guvoh boʻlish” emas. Bu toʻliq moliyaviy javobgarlikni boʻlishish demakdir.
Birovga kredit olib berish oqibatlari
Kafil boʻlishdan ham yanada xavfliroq holat — bu birov uchun oʻz nomingizga kredit rasmiylashtirishdir. Chunki bu vaziyatda siz yuridik jihatdan “yordamchi” shaxs emas, balki bank oldida yagona va asosiy qarzdor hisoblanasiz.
Fuqarolik kodeksining 744-moddasiga muvofiq, bank kredit shartnomasi asosida pul mablagʻlarini qarz oluvchiga beradi, qarz oluvchi esa olingan summani va unga hisoblangan foizlarni belgilangan muddatda qaytarish majburiyatini oladi. Amaldagi qonunchilikda “pulni kim ishlatgan boʻlsa, oʻsha toʻlasin” degan prinsip mavjud emas (agar bu jarayonga firibgarlik holatlari aralashmagan boʻlsa). Shartnomada kimning imzosi turgan boʻlsa, bank va sud organlari aynan oʻsha shaxsni rasmiy qarzdor sifatida tan oladi.
Pul mablagʻlarini doʻstingiz, qarindoshingiz yoki tanishingizga berganingiz — bu siz bilan u shaxs oʻrtasidagi shaxsiy kelishuv boʻlib, u bank oldidagi majburiyatlaringizni yengillashtirmaydi va bank uchun hech qanday huquqiy ahamiyatga ega emas. Agar u shaxs toʻlovlarni toʻxtatsa, bank baribir sizdan undirishni davom ettiradi.
Birov uchun kredit olib berilganini isbotlash mumkinmi? Ha, mumkin. Agar siz sudga yetarli huquqiy dalillar taqdim etsangiz, ushbu holatni alohida tartibda koʻrib chiqilishi mumkin. Biroq bu bank oldidagi majburiyatni bekor qilmaydi. Faqat qarzni sizning oʻrningizga olgan shaxsga regress tartibida undirish imkonini beradi, xolos.
Undan tashqari, bunday holat sizning kredit tarixingizga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Natijada kelajakda mikroqarz, avtokredit, isteʼmol krediti yoki ipoteka kabi yirik moliyaviy majburiyatlarni rasmiylashtirish jarayonida katta toʻsiqlarga duch kelishingiz mumkin. Baʼzi banklar sizni umuman “ishonchsiz qarzdor” sifatida baholab, kredit ajratishni rad etishi ham ehtimoldan xoli emas.
Shuningdek, agar siz pul olib bergan shaxs toʻlovlarni toʻxtatsa va siz ham kredit boʻyicha majburiyatlarni bajarmasangiz, unda bank yoki ijro organlari undirish jarayonini boshlaydi. Bu jarayonda majburiy undiruv sizning daromadlaringiz, bank hisobvaraqlaringiz, hatto garovga qoʻyilgan mol-mulkingiz yoki boshqa moliyaviy aktivlaringizga yoʻnaltirilishi mumkin. Oxir-oqibat, siz boshqalarning muammosi sabab jiddiy moliyaviy va huquqiy tavakkalchiliklarga duch kelishingiz ehtimoli yuqori boʻladi.
Ishonch bosimi: Nega rad qilish qiyin?
Odamlarni koʻpincha kafil boʻlishga majbur qiladigan omillar moliyaviy emas, balki psixologik hisoblanadi. “Qarindosh-ku, yordam qilish kerak”, “Yoʻq desam xafa boʻladi”, “Oshnam-da, ishonaman”, “Baribir toʻlaydi, men shunchaki kafilman, xolos” va hokazo qarashlar notoʻgʻri qarorga sabab boʻladi.
Shu sababli eng koʻp toʻlanmay qoladigan kreditlar aynan yaqinlar, qarindosh-urugʻlar yoki doʻstlar tomonidan olingan boʻladi. Chunki ular oldida masʼuliyat hissi pastroq, “yaqinim-ku, kechiradi” deb oʻylaydi.
Natijada esa kafilning oʻzi kredit tarixidan tortib, sudgacha boʻlgan noqulay jarayonlarga, ortiqcha ovoragarchiliklarga duch keladi.
1. Kreditni olgan qarzdor yoʻqolib qoladi, kafil esa sarson boʻladi
Hayotda eng koʻp uchraydigan holatlardan biri — kredit olgan odam vaqt oʻtib, ishidan ayrilishi, boshqa shaharga ketishi, chet elga chiqib ketishi mumkin. Asosiysi, u telefonini oʻchiradi va topib boʻlmay qoladi. Shundan keyin bank kafilni izlaydi.
2. Kafilning kredit tarixining buzilishi
Kredit boʻyicha toʻlovlarda yuzaga kelgan kechikishlar kafilning ham kredit tarixiga yoziladi. Bu esa uning ipoteka, avtomobil, tadbirkorlik yoki boshqa kreditlarni olishdagi arizasini rad qilinishigacha olib kelishi mumkin.
3. Sud va ijro masalalari
Kreditni toʻlash kechikaversa, bank sudga murojaat qiladi. Sud qaroridan soʻng esa ijro xizmati ishga tushadi. Barcha ishlar kreditni undirishga qaratiladi: bank kartalaridan pul yechib olinishi yoki bloklanishi, ish haqining bir qismi ushlab qolinishi, uy-roʻzgʻor buyumlari musodara qilinishi mumkin. Koʻplar aynan shundan keyin kafil boʻlishning naqadar katta xato boʻlganini tushunadi.
4. Qarz munosabatlarni buzadi
Kafil boʻlib qoʻyilgan bitta imzo butun oila, yaqinlar, doʻstu-birodarlik rishtalari uchun muammo boʻlishi mumkin. Masalan, er-xotin oʻrtasida janjal, qarindosh-urugʻ orasida nizo, yuzkoʻrmaslikkacha kelib qolgan doʻstlik kabilar shular jumlasidan. Hayotda hatto ajrimga olib kelgan real holatlar mavjud. Pul masalasida ishonch buzilsa, munosabatlarning tiklanishi juda qiyin.
Shunday ekan, yoʻq deyishni bilish kerak. Kafil boʻlishga doim ham shoshmagan maʼqul. Eng yaxshi yoʻli esa, umuman kafil boʻlmaslik koʻp narsadan asraydi.









