Birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmi ikki barobar oshiriladi
Energetika vazirligi barcha hududlarda zarur miqdorda zaxiralar yaratilganligini aytib oʻtdi.
Energetika vazirligi sovuq havo oqimi natijasida ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (gaz zapravkalar) faoliyatiga kiritilayotgan qisqa muddatli cheklov munosabati bilan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi vaqtinchalik ikki karra oshirilishini taʼkidladi.
Barcha hududlarda zarur miqdorda zaxiralar yaratilgan boʻlib, talab va taklifdan kelib chiqib, birja savdolariga joylashtirilayotgan avtobenzin hajmini yanada oshirish imkoniyati mavjud.
Isteʼmolchilarning avtobenzinga boʻlgan talabini toʻliq qondirish masalasi davlat nazoratiga olingan. Joriy kuz-qish mavsumida aholini avtobenzin bilan zarur miqdorda hamda uzluksiz taʼminlash uchun barcha zaruriy choralar koʻrilmoqda.
Xususiy avtozapravkalar egalaridan quyidagilar soʻralmoqda:
- Narxlarni sunʼiy ravishda oshirmaslik.
- Avtobenzinni sifat va miqdor jihatidan aniq taʼminlash.
Ayni paytda esa ishchi guruhlar tomonidan joylarda nazorat tadbirlari davom etmoqda. Asossiz narx oshirilishining oldi olinadi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq vazirlik gaz shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritilishi rejalashtirilayotganini aytib oʻtgandi.