Bir yil ichida mikroqarzlar hajmi 67%ga oʻsdi, portfel sifati esa pasaymoqda
Soʻnggi 12 oyda banklar kredit portfelidagi jami mikroqarzlar hajmi 38,2 trln soʻmdan 63,8 trln soʻmgacha oʻsdi. Markaziy bankka koʻra, mikroqarzlar portfelining sifati yomonlashmoqda.

Oʻzbekistonda aholi qarz yuki pasaygan boʻlsa-da, mikroqarzlar portfelining sifati yomonlashayotgani moliyaviy barqarorlik uchun xavf sifatida qayd etilmoqda. Bu haqda Markaziy bank moliyaviy barqarorlik sharhida keltirib oʻtilgan.
Jismoniy shaxslarga ajratiladigan barcha kreditlar boʻyicha qarz yuki koʻrsatkichi (DSTI) boʻyicha talablarning qatʼiylashtirilishi aholining umumiy qarz yukini 36 foizdan 33 foizgacha kamaytirishga xizmat qildi. Bu esa uy xoʻjaliklarining moliyaviy barqarorligi oshishiga, kredit oluvchilarning toʻlov qobiliyatini qoʻllab-quvvatlashga yordam berdi.
Shu bilan birga, mikroqarzlar portfelining sifati yomonlashmoqda. Jismoniy shaxslarga berilayotgan mikroqarzlar yuqori surʼatlarda koʻpayishda davom etayotgani, bir nechta mikroqarz shartnomalariga ega boʻlgan qarz oluvchilar sonining oʻsishi bilan birga kelmoqda.
Mikroqarzlar hajmi qanchalik tez oʻsayotganini bilish uchun bir yillik oʻzgarishga qarash kerak. 2024 yil 1 oktabrida banklar tomonidan ajratilgan jami mikroqarzlar hajmi 38,2 trln soʻmni tashkil qilayotgan edi. 2025 yil oktabr oyi boshiga kelib esa 63,8 trln soʻmga yetdi. Maʼlumot uchun bu davrda kreditlashning hech bir turi bunchalik oʻsish qayd etmagan.
Hozirda Oʻzbekistondagi ayrim banklar portfelining asosiy qismini mikroqarzlar tashkil qiladi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ham avvalroq bu haqda toʻxtalib oʻtgan edi.
Aynan shu sababli Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga 2029 yildan boshlab mikroqarzlarni kredit portfelining 25 foizidan oshirmaslik talabi qoʻyilmoqda.
Ushbu jarayon qarz oluvchilarning kredit yuklamasi boʻyicha xatarlarni kuchaytirishi mumkinligi sababli, sektorni diqqat bilan kuzatib borish talab etiladi. Riteyl kreditlash segmenti aholining moliyaviy xatti-harakatlari va qarorlarining muhim indikatoriga aylanmoqda.









