Behzod Xoshimov Biznesni rivojlantirish banki Kuzatuv kengashiga kirdi
Behzod Xoshimov “Biznesni rivojlantirish banki” Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi etib saylandi. U bilan birga Richard Ogdon, Devid Nayjel Kliv va Behruz Ziyadullayev ham kengash tarkibiga kiritildi. Yangilangan toʻqqiz kishilik tarkibda mustaqil aʼzolar soni beshtaga yetdi.

Iqtisodchi Behzod Xoshimov “Biznesni rivojlantirish banki” Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi etib saylandi. Bank kengashining toʻqqiz kishilik yangi tarkibida mustaqil aʼzolar soni toʻrttadan beshtaga oshib, ular koʻpchilikni tashkil etadigan boʻldi.
Bank aksiyadorlarining 3 sentabr kuni oʻtkazilgan navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida Kuzatuv kengashi tarkibi yangilandi. Nodirbek Xusanov, Mansurxoʻja Yusupxoʻjayev, Engin Akchakodja va Mantas Sukevichius kengash tarkibidan chiqarildi.
Ularning oʻrniga Behzod Xoshimov, Richard Ogdon, Devid Nayjel Kliv va Iqtisodiyot va moliya vazirligi bosh mutaxassisi Behruz Ziyadullayev saylandi. Kengashning barcha toʻqqiz aʼzosi uch yillik muddatga tasdiqlandi.
Yangi tarkibda Ilhom Norqulov, Timur Xusanov, Behruz Ziyadullayev va Zumrat Ibraximjanova davlat vakillari sifatida faoliyat yuritadi. Mustaqil aʼzolar esa Saidkamol Xodjayev, Behzod Xoshimov, Bruno Balvanera, Richard Ogdon va Devid Klivdan iborat.
1993 yilda Toshkentda tugʻilgan Behzod Xoshimov Singapurning Nanyang texnologiya universitetida amaliy matematika boʻyicha bakalavr darajasini olgan. Keyinchalik Viskonsin–Medison universitetida iqtisodiyot boʻyicha magistratura va biznes boʻyicha PhD dasturini tamomlagan.
2024 yildan u Nyu-York universitetining Abu-Dabidagi kampusida biznes, tashkilotlar va jamiyat yoʻnalishi boʻyicha assistent-professor boʻlib ishlaydi. Uning asosiy tadqiqot yoʻnalishlari tadbirkorlik va venchur kapitaliga qaratilgan.
Xoshimov bank sektoridagi korporativ boshqaruvga 2020 yildan jalb qilingan va shu vaqtdan buyon “Mikrokreditbank” Kuzatuv kengashi aʼzosi hisoblanadi. Bankers.uz maʼlumotiga koʻra, uning ushbu bank kengashidagi aʼzoligi masalasi 18 sentabrda koʻrib chiqiladi va u yangi tarkib uchun koʻrsatilgan nomzodlar orasida yoʻq.
Behzod Xoshimov, Richard Ogdon va Devid Kliv Markaziy bank bilan kelishilgandan soʻng “Biznesni rivojlantirish banki” Kuzatuv kengashidagi vazifalarini bajarishga kirishadi.









