12 014.370 so‘m

increase

40.930

13 280.680 so‘m

decrease

-1.460

146.190 so‘m

increase

1.660

12 014.370 so‘m

increase

40.930

Yaqin 1 soat ichida
Texnologiya
49

Beeline tariflari 2026 yilda 33 foizgacha qimmatlashdi, abonentlari esa kamaydi

Beeline Uzbekistan 2026 yilda “Oila” va bir qator individual tariflarning oylik abonent toʻlovini 14–33 foizga oshirdi. Shu davrda operatorning mobil abonentlari soni kamayishda davom etgan boʻlsa-da, uchinchi chorakdagi daromadi 5,7 foizga oʻsib, 1,02 trln soʻmga yetdi.

Beeline tariflari 2026 yilda 33 foizgacha qimmatlashdi, abonentlari esa kamaydi

Pinkod Beeline Uzbekistan’ning 2025 yildagi narxnomalari va 2026 yil davomida eʼlon qilingan tarif oʻzgarishlarini solishtirdi. Tahlil shuni koʻrsatdiki, kompaniya mart, iyul va oktabr oylarida bir qator tarif va xizmatlar narxlarini qayta koʻrib chiqqan.

Eng sezilarli oʻzgarishlardan biri oilaviy tariflarda kuzatilgan. Jumladan, “Oila Start” tarifining oylik toʻlovi 75 ming soʻmdan 100 ming soʻmga, yaʼni 33,3 foizga oshgan. Qolgan uchta oilaviy tarifda qimmatlashish 23,8–24,3 foizni tashkil etgan.

“Oila” tariflari qancha qimmatlashdi?

Kompaniya 2026 yil 6 martdan “Oila Start”, 11 martdan esa “Oila Maks”, “Oila Ultra” va “Oila Mega” tariflarining yangi shartlarini joriy qilgan.

Beeline’ning 2025 yil iyunidagi standart narxlari bilan mart oyida kuchga kirgan yangi narxlarni solishtirganda quyidagi oʻzgarishlar aniqlanadi:

TarifOldingi narxYangi narxOʻsish
Oila Start75 000100 00033,3%
Oila Maks125 000155 00024,0%
Oila Ultra185 000230 00024,3%
Oila Mega210 000260 00023,8%

Narxlar soʻm/oy hisobida, vaqtinchalik chegirmalar hisobga olinmagan.

Shu tariqa, “Oila Mega” abonentlari uchun oylik toʻlov 50 ming soʻmga oshgan. Tarifdan yil davomida uzluksiz foydalanilganda, bu avvalgi narxga nisbatan 600 ming soʻm qoʻshimcha xarajatni anglatadi.

“Oila Start” foydalanuvchilari esa yiliga 300 ming soʻm koʻproq toʻlaydi.

Biroq kompaniya narxlarni oshirish bilan birga tariflarga kiritilgan internet hajmini ham kengaytirgan. Xususan, “Oila Maks”da internet 180 GB dan 225 GB ga, “Oila Ultra”da 350 GB dan 450 GB ga, “Oila Mega”da esa 450 GB dan 700 GB ga yetkazilgan.

Demak, oylik abonent toʻlovi oshgan boʻlsa-da, internetning bir gigabaytiga toʻgʻri keladigan narx ayrim tariflarda pasaygan. Abonent uchun oʻzgarishning qanchalik foydali ekani uning internetdan foydalanish hajmiga ham bogʻliq.

Bundan tashqari, Beeline 2025 yil 1 dekabrdan «Oila» tariflariga yangi ulanishda beriladigan 20 foizlik chegirmani toʻxtatgan. Bu oʻzgarish avval chegirma bilan ulangan mijozlarga tatbiq etilmagan.

Individual tariflar ham 30 foizgacha qimmatlashgan

2026 yilning ikkinchi yarmida kompaniya boshqa tariflarning ham oylik abonent toʻlovlarini oshirdi.

Xususan, 30 iyuldan ayrim individual tariflar, 2 va 16 oktabrdan esa yana bir qator tariflar uchun yangi narxlar kuchga kirdi.

Pinkod 2025 yil 1 dekabrdan amal qilgan narxlarni 2026 yil oktabridagi koʻrsatkichlar bilan solishtirdi.

TarifOldingi narxYangi narxOʻsish
Erkin49 90064 90030,1%
Aniq54 90069 90027,3%
Qulay59 90074 90025,0%
Bemalol52 00064 90024,8%
Yashin64 90079 90023,1%
Multi Plus65 00079 90022,9%
Zoʻr 269 90079 90014,3%

Narxlar soʻm/oy hisobida. Jadval operatorning barcha tariflarini emas, solishtirish mumkin boʻlgan ayrim tariflarni qamrab oladi.

Eng katta foizli oʻsishlardan biri «Erkin» tarifida kuzatilgan. Uning oylik toʻlovi 15 ming soʻmga oshib, 64 900 soʻmga yetgan.

“Qulay” tarifi 59 900 soʻmdan 74 900 soʻmga, «Yashin» esa 64 900 soʻmdan 79 900 soʻmga qimmatlashgan.

Bu tariflarda ham internet paketlari kengaytirilgan. Jumladan, “Erkin”da internet hajmi 39 GB dan 50 GB ga, “Qulay”da 65 GB dan 80 GB ga, “Yashin”da esa 70 GB dan 85 GB ga oshirilgan.

Shu sababli ushbu taqqoslash xizmatlar narxining umumiy inflyatsiyasini emas, abonentlar har oy toʻlashi kerak boʻlgan summalardagi oʻzgarishni aks ettiradi.

Abonentlar kamaydi, daromad esa oʻsdi

Beeline Uzbekistan’ning bosh kompaniyasi VEON 6 noyabrda eʼlon qilgan moliyaviy hisobotga koʻra, operatorning 2026 yil uchinchi choragidagi tushumi 1,023 trln soʻmni tashkil etdi.

Bu 2025 yilning mos davridagi 967,9 mlrd soʻmga nisbatan 55 mlrd soʻm yoki 5,7 foizga koʻp.

Ayni paytda kompaniyaning faol mobil abonentlari soni 7,7 mln nafardan 7,4 mln nafargacha kamaygan. Yillik pasayish 3,9 foizni tashkil etgan.

4G foydalanuvchilari soni ham 7,1 foizga qisqarib, 5,4 mln nafarga tushgan.

Shunga qaramay, bir abonentdan olinadigan oʻrtacha oylik mobil aloqa daromadi (ARPU) 34 088 soʻmdan 35 139 soʻmga yetgan. Bu 3,1 foizlik oʻsish demakdir.

VEON daromad oʻsishiga taʼsir qilgan omillar qatorida tarif narxlarining qayta koʻrib chiqilishi, mobil moliyaviy xizmatlar, qurilmalarni paketda sotish, tarmoq infratuzilmasi va rouming xizmatlaridan tushumlar oshganini koʻrsatgan.

Biroq oylik tariflar 14–33 foizga qimmatlashgan bir paytda ARPU atigi 3,1 foizga oshgani barcha abonentlarning xarajatlari bir xil surʼatda koʻpaymaganini koʻrsatadi. Bunga mijozlarning turli tariflardan foydalanishi, chegirmalar va xizmatlar isteʼmoli tarkibidagi farqlar taʼsir qilishi mumkin.

Bundan tashqari, 2 va 16 oktabrda kuchga kirgan tarif oʻzgarishlari uchinchi chorak natijalariga kirmagan. Chunki hisobot davri 30 sentabrda yakunlangan. Ularning moliyaviy taʼsiri keyingi chorak natijalarida aks etishi mumkin.

Beeline yuqori daromad keltiradigan abonentlarga eʼtibor qaratmoqda

VEON hisobotida Beeline Uzbekistan abonentlari tarkibi ham oʻzgarayotgani qayd etilgan.

Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, yuqori ARPU’ga ega mijozlar va oilaviy tariflardan foydalanuvchilar endilikda abonentlar bazasining 40 foizdan ortigʻini tashkil etmoqda. Ushbu toifadagi mijozlar soni bir yil ichida ikki baravardan koʻproqqa oshgan.

Ayni paytda aloqa xizmatlaridan kam foydalanadigan yoki uzoq vaqt faol boʻlmagan mijozlar bazadan chiqib ketmoqda.

Bu operatorning abonentlar sonini koʻpaytirish bilangina cheklanmay, mavjud mijozlardan olinadigan daromadni oshirishga ham eʼtibor qaratayotganini koʻrsatadi.

Mazkur strategiya kompaniyaning moliyaviy koʻrsatkichlarida ham aks etmoqda. Uchinchi chorakda Beeline Uzbekistan’ning foizlar, soliqlar va amortizatsiya hisobidan oldingi foydasi (EBITDA) 9,4 foizga oshib, 365,5 mlrd soʻmga yetgan.

Raqamli xizmatlardan tushum esa 13,4 foizga koʻpayib, 164,4 mlrd soʻmni tashkil qilgan. Ushbu yoʻnalishning jami daromadlardagi ulushi 15 foizdan 16,1 foizga oshgan.

Umuman, 2026 yilning dastlabki toʻqqiz oyida Beeline Uzbekistan’ning daromadi 3,03 trln soʻmga yetib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,9 foizga oʻsgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+