11 980.360 so‘m

decrease

-30.090

13 134.070 so‘m

decrease

-66.620

145.620 so‘m

decrease

-0.020

11 980.360 so‘m

decrease

-30.090

Yaqin 3 soat ichida
Bank
26

Beeline egasi Oʻzbekistonda bank litsenziyasini olishni rejalashtirmoqda

VEON Oʻzbekistonda bank tashkil etish yoki mavjud bankni sotib olish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda. Kompaniya mamlakatda Beepul toʻlov xizmati orqali moliyaviy faoliyatini kengaytirishni rejalashtirgan.

Beeline egasi Oʻzbekistonda bank litsenziyasini olishni rejalashtirmoqda

Beeline Uzbekistan’ning bosh kompaniyasi VEON Oʻzbekistonda bank litsenziyasini olish niyatini yana bir bor tasdiqladi. Bu haqda kompaniyaning 16 noyabr kuni Nyu-Yorkda oʻtkazilgan Capital Markets Day tadbirida investorlarga taqdim etgan strategiyasida maʼlum qilindi.

VEON’ning toʻlovlar va raqamli aktivlar boʻyicha direktori Ahmet Kayhan investorlar savollariga javob berarkan, kompaniya Oʻzbekiston va Qozogʻistonda bank litsenziyasini olish imkoniyatlarini oʻrganayotganini aytdi.

Uning soʻzlariga koʻra, VEON yangi bankni noldan tashkil etish yoki mavjud bankni sotib olish variantlarini koʻrib chiqmoqda. Yakuniy qaror bozordagi imkoniyatlarga bogʻliq boʻladi.

Kompaniya Oʻzbekistondagi moliyaviy xizmatlar biznesini Beepul orqali rivojlantirmoqda. VEON taqdimotida ushbu xizmat mamlakatdagi toʻrtinchi yirik raqamli hamyon sifatida koʻrsatilgan. 

2026 yilning uchinchi choragida Beepul’ning faol foydalanuvchilari 800 ming nafarni tashkil etgan. Ikkinchi chorakda bu koʻrsatkich 1 mln nafar boʻlgan. Shunday qilib, choraklik koʻrsatkich 20 foizga kamaygan. Kompaniya foydalanuvchilarni hisoblash uslubiga tuzatishlar kiritilganini ham qayd etgan.

Ayni paytda Beeline Uzbekistan’ning raqamli xizmatlardan olgan daromadi oʻsishda davom etmoqda. Uchinchi chorakda bu yoʻnalishdagi tushum 13,4 foizga oshib, 164,4 mlrd soʻmga yetgan. Uning umumiy daromaddagi ulushi bir yil ichida 15 foizdan 16,1 foizga koʻtarilgan.

VEON qanday bank modelini yaratmoqchi?

Kompaniya Oʻzbekistonda Pokistonda shakllantirgan moliyaviy xizmatlar modelini takrorlashni koʻzlamoqda.

VEON ushbu mamlakatda JazzCash toʻlov platformasi, Mobilink Microfinance Bank va JazzSure sugʻurta xizmatlari orqali faoliyat yuritadi.

2026 yilning uchinchi choragi yakunida JazzCash’ning faol foydalanuvchilari 30,4 mln nafarga yetgan. Mobilink Microfinance Bank’dagi mijozlar depozitlari esa 1,04 mlrd dollarni tashkil etgan.

VEON maʼlumotlariga koʻra, Pokistondagi ekotizim orqali kuniga 230 mingdan ortiq kichik kredit ajratiladi. Ushbu modelda toʻlov xizmatlari, depozitlar va kreditlash yagona ekotizim ichida ishlaydi.

Kompaniya Oʻzbekistonda ham dastlab raqamli hamyon va toʻlov xizmatlarini kengaytirish, keyinchalik esa bank faoliyatiga oʻtish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bank litsenziyasi depozitlar jalb qilish va kattaroq hajmdagi kredit mahsulotlarini taklif etish imkonini berishi mumkin.

VEON joriy yilning 2 iyulida Mastercard bilan hamkorlikni eʼlon qilgan edi. Kelishuv Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Pokiston va Ukrainada raqamli toʻlovlar, kredit skoringi, pul oʻtkazmalari hamda boshqa moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Bank litsenziyasini olish uchun nima talab etiladi?

Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonuniga koʻra, yangi tijorat banki uchun, mikromoliya banklari bundan mustasno, eng kam ustav kapitali 500 mlrd soʻmni tashkil etadi.

Bank tashkil etish Markaziy bankning dastlabki ruxsati, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish jarayonlarini oʻz ichiga oladi.

VEON bosh direktori Kaan Terzioğlu 31 iyul kuni ikkinchi chorak moliyaviy natijalariga bagʻishlangan konferensiyada ham Oʻzbekistonda bank litsenziyasini olishga qiziqish bildirgan edi. Noyabrdagi taqdimotda esa mavjud bankni sotib olish ham mumkin boʻlgan yoʻllardan biri sifatida aniq tilga olindi.

Hozircha VEON aynan qaysi bankni sotib olishi mumkinligi, yangi bank ochish uchun qancha investitsiya ajratishi yoki Markaziy bankka litsenziya olish boʻyicha rasmiy ariza topshirgani maʼlum emas.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+