11 990.530 so‘m

decrease

-13.940

13 959.380 so‘m

decrease

-34.230

150.710 so‘m

increase

0.490

11 990.530 so‘m

decrease

-13.940

2 kun avval
Bank
52

Banklarning isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlariga qoʻyiladigan yangi talablar tasdiqlandi

Yangi tartibda kredit risklari boʻyicha majburiy cheklist joriy etilishi va toʻlovlarda qiynalayotgan mijozlar uchun restrukturizatsiya tartibi oshkor qilinishi belgilandi.

Shuningdek, ijtimoiy nafaqalar hisobidan qarzdorlik undirilishi taqiqlandi.

Oʻzgartirishlar 2026 yil 29 yanvardan kuchga kiradi.

Banklarning isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlariga qoʻyiladigan yangi talablar tasdiqlandi
Foto: AI / Pinkod.uz

Markaziy bankning banklar faoliyatiga doir isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qarori 28 oktabr kuni Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Yangi tartibga koʻra, kredit oluvchilarga qarz majburiyatlari bilan bogʻliq ehtimoliy tavakkalchiliklarni oldindan tushuntirish uchun standart cheklist joriy etiladi. Bu orqali mijozlar kredit shartlari va oqibatlarini aniq tushungan holda masʼuliyatli qaror qabul qilishlari koʻzda tutilgan.

Cheklistda quyidagi asosiy bayonotlar oʻrin oladi:

  • kredit — bu xarajat;
  • kreditni qaytarish jadvalini diqqat bilan oʻrganib chiqdim;
  • daromadlarim kredit toʻlovlarini toʻlash imkonini beradi;
  • kredit toʻlovlarini kechiktirish oqibatlaridan xabardorman.

Kredit toʻlovlarini vaqtida amalga oshirishda qiynalayotgan shaxslarga nisbatan shartnoma shartlariga oʻzgartirish kiritish boʻyicha banklarda ichki tartib boʻlishi va bu tartib isteʼmolchilarga oshkor qilinishi talabi ham joriy etilmoqda.

Bu banklarning murakkab vaziyatlarda mijozlarni qoʻllab-quvvatlashini, kredit shartnomasini restrukturizatsiya qilish jarayonida shaffoflikni taʼminlashini hamda aniq qoidalar shakllanishini maqsad qiladi.

Yangi tartibda ayrim insofsiz amaliyotlarni cheklash boʻyicha quyidagi talablar belgilandi:

  • kredit arizasida koʻrsatilgan miqdordan ortiq summada kredit olishga undamaslik;
  • qarzdorlikni davlat tomonidan fuqarolarga ajratiladigan ijtimoiy nafaqa va yordam mablagʻlariga qaratmaslik;
  • kredit shartnomasida yoki toʻlov jadvalida belgilangan sanadan oldin kredit toʻlovlarini undirishni talab qilmaslik.

Markaziy bank bu oʻzgarishlar aholiga ortiqcha qarz majburiyati yuklanishining oldini olish, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, yordam mablagʻlari daxlsizligini taʼminlash va toʻlovlar aynan jadval asosida undirilishini tartibga solishda banklar masʼuliyatini oshirishini qayd etdi.

Shuningdek, moliyaviy xizmatlarda isteʼmolchining xohish-irodasini ifodalovchi har qanday belgilarni oldindan oʻrnatib qoʻyish, tanlab qoʻyish yoki kredit parametrlari koʻrsatilgan maydonlarni oldindan toʻldirib qoʻyish amaliyoti cheklanmoqda. Bu isteʼmolchilarning qaror qabul qilish erkinligini taʼminlash va shartlar shaffofligini kuchaytirishga qaratilgan.

Banklar tomonidan isteʼmolchilarga omonatlarni kafolatlash tizimi, kafolatlanadigan omonat turlari va miqdori, kompensatsiya berish tartibi hamda uni toʻlash muddatlari toʻgʻrisida batafsil tushuntirish va standart shakldagi axborot berish talabi ham belgilandi.

Nizomga kiritilgan ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar 2026 yil 29 yanvardan kuchga kiradi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+