Banklardan pasportsiz valyuta olish limiti $500 gacha oshirildi
Amaldagi tartibda ushbu limit $100 etib belgilangan. Oʻzgarish hujjat rasmiy qabul qilingan kundan boshlab 3 oy oʻtgach (2026 yil 9 avgustdan) kuchga kiradi.

Endilikda banklardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz $500 gacha naqd xorijiy valyuta olish mumkin boʻladi. Bu boʻyicha tegishli idoraviy hujjat 8 may kuni Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Yangi tartibga koʻra, mijozlar tijorat banklaridan $500 gacha boʻlgan naqd chet el valyutasini pasport, ID-karta yoki ularning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatlarni taqdim etmasdan olishlari mumkin boʻladi.
Amaldagi tartibda ushbu limit $100 etib belgilangan. Oʻzgarish hujjat rasmiy qabul qilingan kundan boshlab 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.
Mazkur hujjat tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish hamda ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga oʻzgartirish kiritishni nazarda tutadi.
Xususan, jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etiladigan limit $100 dan $500 gacha oshirilmoqda. Qayd etilishicha, bu oʻzgarish aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida joriy etilmoqda.









