Banklardan 500 dollargacha naqd valyutani hujjatsiz sotib olish mumkin boʻldi
9 avgustdan boshlab banklardan 500 AQSh dollarigacha naqd chet el valyutasini pasport yoki ID-kartasiz sotib olish mumkin boʻldi. Avval hujjatsiz valyuta xarid qilish chegarasi 100 dollarni tashkil etardi.

9 avgustdan boshlab jismoniy shaxslar banklardan 500 AQSh dollarigacha ekvivalentdagi naqd chet el valyutasini pasport yoki ID-kartasiz sotib olishi mumkin. Avval hujjatsiz valyuta xarid qilish chegarasi 100 dollar edi.
Yangi tartib bilan mijozni identifikatsiya qilish talab qilinadigan chegara besh baravar — 100 dollardan 500 dollarga oshirildi. Shunga koʻra, 500 dollardan ortiq naqd valyuta sotib olishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etiladi.
Oʻzgarish Markaziy bank va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining qoʻshma qarorida belgilangan. Hujjat 8 may kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, uch oy oʻtib kuchga kirdi.
Shuningdek, mijozni identifikatsiya qilishda pasport yoki ID-kartaning asl nusxasi bilan birga uning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud "Ijtimoiy karta" ilovasidagi elektron shaklidan foydalanishga ruxsat berildi.
Ayni paytda banklarda hisobvaraq ochmasdan yoki undan foydalangan holda amalga oshiriladigan operatsiyalarda mijozni majburiy tekshirish chegarasi 175 mln soʻm etib belgilandi.









