Bank sektoridagi raqobat muhiti yaxshilanmoqda
Banklarning jami aktivlari 1 fevral holatiga koʻra, 17,7% ga oshib, 768 trln soʻmga yetdi.
Davlat ulushi mavjud eng yirik banklardan Oʻzmilliybank (17,5%) va Asakabank (7,4%) jami bank tizimi aktivlaridagi ulushi mos ravishda 1,5 va 1,3% ga kamaydi.
Milliy valyutadagi depozitlar hajmi 36% ga, chet el valyutasidagi depozitlar esa 7,4% ga oshdi.

Oʻzbekiston banklaridagi raqobat muhiti yaxshilanishi kuzatilmoqda. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar ham buni tasdiqlaydi. Institut tomonidan banklar sektoridagi raqobat HHI (Xerfindal Xirshman Indeksi) boʻyicha hisoblab chiqilgan.
Maʼlumot uchun, bozor HHI (Xerfindal Xirshman Indeksi) boʻyicha raqobat darajasiga koʻra 3 guruhga boʻlinadi, raqobat darajasi past (HHI 2500-10000 gacha), oʻrtacha (HHI 1500- 2500) va yuqori (HHI 1500 dan past)
Aktivlar
2025 yil 1 fevral holatiga aktivlar boʻyicha hisoblangan HHI oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 72 birlikka yaxshilanib, 800 darajani tashkil etdi. Shu davrda tijorat banklarining jami aktivlari hajmi 17,7 foizga (yoki 115,6 trln. soʻm) ortib, 768 trln. soʻmga yetdi.

2024 yil 1 fevral holatida xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning bank tizimidagi jami aktivlar ulushi 32,5 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 2025 yil 1-fevral holatiga bu koʻrsatkich 34,5 foizga yetdi. Ayrim banklarning ulushidagi oʻzgarishlar quyidagicha:
- Anorbank ulushi 1,36 foizga yetib, 0,64 foiz bandga oshdi
- TBC Bank ulushi 1,33 foizga yetib, 0,60 foiz bandga oshdi
- Hamkorbank ulushi 3,71 foizga yetib, 0,41 foiz bandga oshdi
Shu bilan birga, davlat ulushi mavjud eng yirik banklardan Oʻzmilliybank (17,5 foiz) va Asakabank (7,4 foiz) jami bank tizimi aktivlaridagi ulushi mos ravishda 1,5 va 1,3 foiz bandga kamaydi.
Kreditlar
2025 yil 1 fevral holatiga kreditlar boʻyicha hisoblangan HHI indeksi 57 birlikka yaxshilanib, 918 birlikni tashkil etdi (2024 yilda 975 edi). Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar tomonidan ajratilgan kreditlarning butun bank tizimi jami kreditlar hajmidagi ulushi 30 foizdan 31 foizga oshdi.
Iqtisodiyotga tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit qoʻyilmalari hajmi 2025 yil 1 yanvar holatiga 533,1 trln soʻmni (YaIMga nisbatan 36,6 foiz) tashkil qilgan boʻlsa, 1 fevral holatiga 866 mlrd soʻmga oshib, 534 trln. soʻmga yetdi.
Jami kredit qoldigʻi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshdi. Jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi mos ravishda 20 foiz va 11 foizga ortdi. Ayniqsa, jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlar hajmi 75 foizga oshdi.
Maʼlumot uchun: Markaziy bank tomonidan banklarga mikroqarz ajratish boʻyicha cheklov oʻrnatilishi kutilmoqda. Bunda banklar kredit portfelidagi mikroqarz ulushi 25 foizdan oʻtib ketmasligi kerak.
Milliy valyutadagi jami bank kreditlari boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 2024 yilning yanvar oyida 24,1 foizni tashkil qilgan boʻlsa, dekabr oyida 23,4 foizga tushdi. Shu bilan birga, milliy valyutadagi aholi kreditlari boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 2024 yil dekabr oyida 24,9 foizgacha oshdi (sentabrda 23,8 foiz edi). Ushbu oʻsish milliy valyutadagi kreditlarga boʻlgan talabning ortishi va inflyatsion kutilmalar yuqoriligi bilan bogʻliq.
Depozitlar
Depozitlar boʻyicha hisoblangan HHI indeksi 2025 yil 1 fevral holatiga 636 birlikni tashkil etdi, bu esa oʻtgan yilning mos davridagidan 32 birlikka yaxshiroq (2024 yilda 668 birlik edi).
2024 yil 1 fevral holatida jami depozitlar hajmi 242,1 trln. soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, 2025 yil 1 fevral holatiga 310,2 trln. soʻmga yetdi (28,1 foizlik oʻsish).
Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning bank tizimi jami depozitlaridagi ulushi 2025 yil 1 yanvar holatiga 50 foizga yetib, 1 foiz bandga oshdi. Biroq, 1 fevral holatiga kelib Ipotekabank va Tengebank ulushlarining mos ravishda 0,67 foiz bandga va 0,37 foiz bandga qisqarishi natijasida davlat ulushi mavjud banklarning ulushi 1 foiz bandga ortdi.
Chet el valyutasidagi bank depozitlari boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 2024 yil boshida 4,7 foizni tashkil qilgan boʻlsa, yil yakunida 5,3 foizga yetdi. Shu bilan birga, milliy valyutada jalb qilingan depozitlar hajmi 36 foizga, chet el valyutasida jalb qilingan depozitlar hajmi esa 7,4 foizga oshdi.
Tahlil qilingan davrda aktivlar, kreditlar va depozitlar boʻyicha hisoblangan HHI indeksining pasayishi raqobat darajasi oshayotganini koʻrsatmoqda.