Bank krediti yoki nasiya savdo: qaysi biri haqiqatan ham foydaliroq?
Markaziy bank tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, doʻkonlar orqali nasiyaga xarid qilingan iPhone uchun ortiqcha toʻlov 44 foizgacha yetishi mumkin, bank kreditida esa bu koʻrsatkich oʻrtacha 17 foiz atrofida.

Markaziy bank tomonidan nasiya bozoridagi holatni tahlil qilish maqsadida iPhone 16 Pro Max (256 GB) misolida oʻrganish olib borildi. Doʻkonlarda telefonning nasiya asosidagi narxi, boʻlib toʻlash shartlari va ustamalar tahlil qilindi.
Tahlillarga koʻra, 12 oylik toʻlov rejasi asosida ushbu telefonni nasiyaga xarid qilishda umumiy qiymatga 27,3 foizdan 44,3 foizgacha ustama qoʻshiladi. Bu ustamalarni bank foiz stavkasi ekvivalentida hisoblaganda, 47,1 foizdan 73,8 foizgacha boʻlishi mumkin. Oʻrtacha ustama 39,6 foiz, bank foiziga tenglashtirilgan holda esa 66,5 foizni tashkil etadi.
Quyidagi jadval asosida maishiy texnika doʻkonlari va banklar tomonidan taklif etilayotgan 12 oylik “ortiqcha toʻlovlarsiz” nasiya va kreditlar oʻrtasidagi moliyaviy farqlarni aniq koʻrish mumkin.

Jadvaldagi maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, doʻkonlar orqali nasiyaga mahsulot xarid qilgan xaridorlar ancha katta ustama toʻlashga majbur boʻlmoqda.
Deyarli barcha maishiy texnika doʻkonlarida nasiya asosida taklif etilayotgan tovarlar uchun ustama foizlari 37 foizdan 44,3 foizgacha yetib bormoqda. Xususan, Uzum'da — 44,3 foiz, Mediapark’ning ayrim takliflarida — 44 foiz, Asaxiy.uz'da ham shunga yaqin ustama qoʻllanmoqda. Ushbu ustamalar bank foiz stavkalari ekvivalentida hisoblanganda 47,1 foizdan 73,8 foizgacha tashkil etadi. Bu esa bank kreditlari bilan solishtirilganda ancha yuqori moliyaviy yuklama ekanini koʻrsatadi.
Agar xarid bank krediti orqali amalga oshirilsa, ortiqcha toʻlov miqdori oʻrtacha 17 foizni tashkil etgan boʻladi (mikrokredit — 24,7 foiz, mikroqarz — 40,3 foiz, overdraft — 24,8 foiz).
Shuningdek, bozordagi oʻrtacha narx (17 mln soʻm) bilan solishtirilganda doʻkonlardagi narxlar (18–23 mln soʻm) ancha yuqori belgilanmoqda. Masalan:
- “Brostore.uz” doʻkonida iPhone 16 Pro Max narxi 17 770 000 soʻm boʻlib, 30% dastlabki toʻlovdan soʻng qolgan summa 12 oyga boʻlinadi. Bu holatda umumiy narx 26 994 050 soʻmni, ortiqcha toʻlov esa 51,9%ni tashkil etadi.
- “Idea” doʻkonida esa 6 oylik boʻlib toʻlash imkoniyati orqali ortiqcha toʻlovsiz xarid amalga oshirish mumkin. Biroq, bu doʻkondagi narx (21 990 000 soʻm) bozor narxidan (14,4 mln soʻm) 52,4%ga yuqoriroq.
Oʻzbekiston nasiya bozori
2018–2024 yillarda Oʻzbekistonda nasiya savdosi jadal rivojlandi. 2018 yilda mazkur faoliyat bilan shugʻullanuvchi korxonalarning umumiy tushumi 8,1 mlrd soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2024 yilga kelib bu koʻrsatkich 201,3 mlrd soʻmgacha yetgan — qariyb 25 barobarlik oʻsish. Ayniqsa, 2022–2024 yillarda katta surʼatda oʻsish kuzatilgani nasiya savdosining ommalashib, turlari kengayib borayotganini koʻrsatadi.
Shuningdek, nasiya savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar tomonidan banklardan jalb qilingan kredit mablagʻlari ham sezilarli darajada oshgan: 2018 yildagi 22,3 mlrd soʻmdan 2024 yilda 1 169,8 mlrd soʻmgacha — yaʼni 52 barobarga koʻpaygan.
Xulosa qilib aytganda, tez va qulay nasiya shartlari ortida yuqori moliyaviy xarajatlar yotadi. Agar xaridor tejamkorlikni istasa, bank krediti ancha maqbul yoʻl.