AQSh Xalqaro savdo sudi Donald Trampning boj tariflarini noqonuniy deb topdi
AQSh Xalqaro savdo sudi Trampning ayrim tariflarini noqonuniy deb topib, hukumatga ularni bekor qilish uchun 10 kun muhlat berdi. Tramp maʼmuriyati esa bu qarorga eʼtiroz bildirib, Federal sudga apellyatsiya shikoyati kiritdi.

AQSh Xalqaro savdo sudi Donald Tramp tomonidan Xitoy va boshqa savdo hamkorlariga nisbatan joriy etilgan ayrim yuqori boj stavkalarini noqonuniy deb topdi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Sud qaroriga koʻra, Trampning bu qarorlari Prezidentga favqulodda holatlar vaqtida beriladigan vakolatlar doirasidan ancha oshib ketgan.
Tramp 1977 yilda qabul qilingan “Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar toʻgʻrisidagi” qonunga tayangan holda, oʻnlab davlatlarga nisbatan bir tomonlama boj stavkalarini joriy etgan edi. Biroq mazkur qonun aslida asosan sanksiyalar va embargo (iqtisodiy cheklovlar) uchun moʻljallangan boʻlib, unda bojlar haqida hech qanday bevosita koʻrsatma yoʻq. Undan tashqari, mazkur qonun yaratilganidan beri Trampgacha birorta AQSh prezidenti ushbu hujjatni asos qilib boshqa davlatlarga boj joriy qilmagan edi.
Sud hayʼati, uch nafar partiyalararo federal sudyadan iborat boʻlib, bir nechta shtatlar va biznes tashkilotlari tomonidan kiritilgan daʼvolarni koʻrib chiqib, Tramp joriy etgan tariflarning katta qismini noqonuniy deb topdi. Mazkur qaror prezidentning global savdo siyosatiga jiddiy zarba boʻlishi mumkin, chunki Tramp aynan shu bojlar tahdidi orqali boshqa davlatlar bilan AQSh foydasiga muzokaralar yuritayotgan edi.
Sud hukmiga koʻra, AQSh hukumatiga tariflarni toʻxtatish uchun 10 kunlik muddat berilgan. Shunga qaramay, Oq uy mazkur qarorga rozi boʻlmadi va darhol Federal apellyatsiya sudiga shikoyat kiritdi.
Oq uy vakili Kush Desai sud qarorini keskin tanqid qilib, shunday dedi:
“Adolatsiz savdo munosabatlari Amerikadagi butun sanoatni yemiradi, ishchilarning manfaatlarini poymol qildi va mudofaa salohiyatimizga putur yetkazdi. Bu faktlarni sud inkor etmadi. Ammo favqulodda holatlarda qanday choralar koʻrilishini saylanmagan sudyalar emas, ijro hokimiyati hal qilishi lozim”.
Shu bilan birga, bu qaror Tramp maʼmuriyatining boshqa qonun asosida joriy etgan bojlariga — masalan, poʻlat, alyuminiy, avtomobil, farmatsevtika, yarim oʻtkazgichlar kabi mahsulotlarga qoʻllanilgan tariflarga taalluqli emas.