Aprel oyida xususiy banklardagi muammoli kreditlar(NPL) hajmi qariyb 300 mlrd soʻmga koʻpaydi
Aprel oyida Oʻzbekiston banklarining umumiy kredit portfeli 13,8 trillion soʻmga oshib, 565,6 trillion soʻmga yetdi.
Shu bilan birga, umumiy bank tizimida muammoli kreditlar (NPL) hajmi 161 milliard soʻmga koʻpaygan boʻlsa-da, davlat banklarida ushbu koʻrsatkich 134 milliard soʻmga kamaygani qayd etildi.
NPL hajmidagi eng katta oʻsish Kapitalbankda kuzatilgan boʻlsa, eng katta pasayish Oʻzmilliybankda roʻy berdi.

Aprel oyida Oʻzbekiston banklarining umumiy kredit portfeli 13,8 trillion soʻmga oshib, 565,6 trillion soʻmga yetdi. Bu oʻsish davlat banklarida 9,5 trillion soʻmni, davlat ulushiga ega boʻlmagan xususiy banklarda esa 4,3 trillion soʻmni tashkil etdi.
Shu bilan birga, muammoli kreditlar (NPL– non-performing loans) hajmi ham oy davomida oshdi. Umumiy bank tizimida NPL 161 milliard soʻmga koʻpaygan boʻlsa-da, davlat banklarida ushbu koʻrsatkich 134 milliard soʻmga kamaydi. Aksincha, xususiy banklarda NPL hajmi 295 milliard soʻmga ortdi.
Davlat banklari
1 may holatiga koʻra, davlat banklarining umumiy kredit portfeli 389,1 trillion soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan oyga nisbatan 9,5 trillion soʻmga koʻproqdir. Kredit portfeli hajmidagi eng katta oʻsish Agrobank va Oʻzmilliybank hissasiga toʻgʻri keldi — mos ravishda 4,05 trillion va 1,8 trillion soʻmga oʻsish kuzatildi.

Muammoli kreditlar hajmi davlat banklarida pasaygan boʻlib, 9 ta bankdan 5 tasida NPL kamaygani qayd etildi. Xususan, Oʻzmilliybankda muammoli kreditlar 141 milliard soʻmga, Oʻzsanoatqurilishbankda 113 milliard soʻmga, Xalq bankida esa 17 milliard soʻmga qisqargan. Biroq baʼzi davlat banklarida NPL hajmi oshgan: Asakabankda 55 milliard, Mikrokreditbankda 39 milliard, Aloqabankda 30 milliard, Turonbankda esa 29 milliard soʻmga koʻpaygan.
Boshqa banklar
Xususiy banklar kesimida esa kredit portfeli 4,3 trillion soʻmga kengaydi. Eng katta oʻsish Ipoteka bankda kuzatilib, kredit portfeli 1 trillion soʻmga oshgan. Shuningdek mazkur bankda NPL hajmi ham 73 milliard soʻmga kamadi. Kapitalbank va TBC bank’da esa portfel mos ravishda 654 milliard va 519 milliard soʻmga koʻpaydi.

Shu bilan birga, xususiy banklardagi muammoli kreditlar hajmi ham ortgan boʻlib, oy davomida 295 milliard soʻmga koʻpaydi. Bu koʻrsatkich Kapitalbankda eng yuqori boʻlib, 144 milliard soʻmlik oʻsish qayd etildi. Shuningdek, Orient Finance Bank’da 107 milliard, InFinBank’da esa 46 milliard soʻmga muammoli kreditlar ortgan.