12 917.100 so‘m

decrease

-48.240

14 460.690 so‘m

decrease

-64.380

160.140 so‘m

decrease

-1.200

12 917.100 so‘m

decrease

-48.240

06-may, 11:24
Iqtisodiyot

Aprel oyida inflyatsiya darajasi qanday boʻldi?

Xududlar kesimida Fargʻona, Namangan va Buxoroda inflyatsiya oʻrta darajaga nisbatan yuqoriroq boʻldi.

Aprel oyida inflyatsiya darajasi qanday boʻldi?
Foto: AI / Pinkod.uz

Milliy statistika qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil aprel oyida respublika boʻyicha oylik inflyatsiya darajasi 0,7 foizni, yillik inflyatsiya esa 10,1 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida esa oʻsish surʼatlari turlicha boʻldi. Aprel oyida oylik inflyatsiya boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori oʻsish Fargʻona, Namangan va Buxoro viloyatlarida qayd etildi.

Yillik narxlar oʻsishi esa asosan Qashqadaryo, Namangan, Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida yuqori boʻlgan.

Hisobot oyida xizmatlar narxlarining oʻsish surʼati tovarlar narxlarining oʻsish surʼatidan yuqori boʻldi. Xususan, xizmatlar narxlari oy davomida 1,0 foizga, tovarlar narxlari esa 0,6 foizga oshgan.

Oziq-ovqat

Oziq-ovqat mahsulotlari narxi bir oy ichida oʻrtacha 0,8 foizga qimmatlashdi. Bu koʻrsatkich 2024-yil apreliga nisbatan 0,4 foiz punktga yuqori boʻlib, bu asosan goʻsht va yogʻ-moy mahsulotlari narxining tezroq oʻsishi bilan bogʻliq.

Ayniqsa, yogʻ-moy mahsulotlari oy davomida oʻrtacha 2,5 foizga oshdi. Shundan, oʻsimlik yogʻi 3,2 %, margarin 1,0 %, saryogʻ 0,9 % va boshqa yogʻ-moy mahsulotlari 1,5 % ga qimmatlashdi.

Goʻsht mahsulotlari esa oʻrtacha 1,5 % ga oshib, mol va qoʻy goʻshti narxi 1,5–1,8 %, goʻsht qiymasi esa 1,9 % ga koʻtarilgan. Shu bilan birga, tovuq goʻshti narxlarida nisbatan barqarorlik kuzatilib, ularning narxi 99,8–100,1 % oraligʻida boʻldi. Guruch va guruch oqsili narxining 0,7 % ga tushishi narxlar oʻsishini biroz ushlab turuvchi omil boʻldi.

Meva-sabzavot mahsulotlari narxi mavsumiylik omiliga bogʻliq tarzda oʻzgarib, mevalar va yongʻoqlar narxi oʻrtacha 1,7 % ga oshgan boʻlsa, sabzavotlar, ildizmeva va dukkaklilar 0,5 % ga arzonlashdi.

Turar joy xizmatlari, suv, elektr, gaz va boshqa yonilgʻi turlari

Turar joy, suv, elektr, gaz va boshqa yonilgʻi turlariga oid xizmatlar boʻyicha ayrim hududlarda narxlar oshirilgan.

Xususan, Samarqand viloyatida sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari, Fargʻona viloyatida maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmati, Buxoro, Jizzax va Fargʻona viloyatlarida koʻp kvartirali uylarni boshqarish xizmati, Navoiy viloyatida issiq suv va markaziy isitish tizimi uchun toʻlovlar oshirildi. Umumiy hisobda, turar joy va kommunal xizmatlar boʻyicha narxlar respublika boʻyicha 2,2 % ga oshdi.

Sogʻliqni saqlash

Sogʻliqni saqlash xizmatlari sohasida esa statsionar davolanish xizmatlari narxi 3,0 %, ambulator davolash – 1,7 %, diagnostika va laboratoriya xizmatlari – 2,4 % ga koʻtarildi. Boshqa tibbiy xizmatlar guruhida narxlar oʻzgarishi unchalik sezilarli boʻlmadi.

Transport xizmatlari boʻyicha esa, havo transportida yoʻlovchi tashish narxi oy davomida 5,1 % ga oshdi. Bu koʻrsatkich ichki yoʻnalishlar boʻyicha 4,9 %, xalqaro yoʻnalishlarda esa 5,3 % boʻldi. Avtomobil va temir yoʻl transportida narxlar 1,3 % ga oshdi.

Aprel oyida avtomobillar uchun metan yonilgʻisi narxi 2,6 % ga koʻtarilgan boʻlsa, benzin 0,4 %, propan esa 8,7 % ga arzonlashdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+