12 006.390 so‘m

decrease

-28.870

13 765.330 so‘m

increase

54.760

150.440 so‘m

decrease

-1.020

12 006.390 so‘m

decrease

-28.870

42 daqiqa avval
Soliq
42

Apple’dan OpenAI’gacha: xorijiy platformalar Oʻzbekistonda qancha soliq toʻladi?

2026 yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda elektron xizmat koʻrsatuvchi 97 ta xorijiy kompaniya 143,8 mlrd soʻm soliq toʻladi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 84 foizga koʻp. Jami tushumning 66,6 foizi Apple, Google va Meta hissasiga toʻgʻri kelgan.

Apple’dan OpenAI’gacha: xorijiy platformalar Oʻzbekistonda qancha soliq toʻladi?

Soliq qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, xorijiy kompaniyalar yanvar–iyun oylarida Oʻzbekistonda 1,2 trln soʻmlik elektron xizmat koʻrsatgan.

Taqqoslash uchun, 2025 yilning birinchi yarmida koʻrsatilgan xizmatlar qiymati 656,9 mlrd soʻmni, toʻlangan soliqlar esa 78,2 mlrd soʻmni tashkil etgandi.

Shu tariqa, bir yil ichida elektron xizmatlar hajmi 543,8 mlrd soʻm yoki 82,8 foizga oshgan. Soliq tushumlari esa 65,6 mlrd soʻmga koʻpaygan.

Oʻzbekistonda soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan xorijiy elektron xizmat koʻrsatuvchilar soni ham oshmoqda. Ularning soni 2025 yil boshida 63 ta, 2026 yil boshida 78 ta boʻlgan boʻlsa, 1 iyul holatiga 97 taga yetgan.

Yarim yillik yakunlari boʻyicha eng koʻp soliq toʻlagan kompaniya Apple boʻldi. Kompaniya Oʻzbekistonda 280,6 mlrd soʻmlik xizmat koʻrsatib, 33,6 mlrd soʻm soliq toʻlagan.

Google 277,6 mlrd soʻmlik elektron xizmat uchun 33,3 mlrd soʻm soliq toʻlagan. Apple va Google oʻrtasidagi farq 321,5 mln soʻmni tashkil etgan.

Uchinchi oʻrinni Meta egallagan. Kompaniyaning Oʻzbekistonda koʻrsatgan xizmatlari qiymati 242,4 mlrd soʻmga, toʻlagan soliqlari esa qariyb 29 mlrd soʻmga yetgan.

Apple, Google va Meta birgalikda 95,9 mlrd soʻm soliq toʻlagan. Bu xorijiy elektron xizmat koʻrsatuvchilardan tushgan jami soliqlarning 66,7 foiziga teng.

Toʻrtinchi oʻrindagi Valve Corp. (steam marketpleysi egasi) Oʻzbekistonda 132 mlrd soʻmlik xizmat koʻrsatib, 15,8 mlrd soʻm soliq toʻlagan. 

Keyingi oʻrinlarda sunʼiy intellekt xizmatlarini taklif qiluvchi Anthropic va OpenAI joylashgan. Anthropic 53 mlrd soʻmlik xizmat uchun 6,3 mlrd soʻm, OpenAI esa 46,8 mlrd soʻmlik xizmat uchun 5,6 mlrd soʻm soliq toʻlagan.

Shuningdek, Midasbuy 3 mlrd soʻm, Booking.com 2,6 mlrd soʻm, TikTok 1,7 mlrd soʻm va Anysphere 1,6 mlrd soʻm soliq toʻlagan.

Eng koʻp soliq toʻlagan xorijiy kompaniyalar:

  1. Apple — 33,6 mlrd soʻm;
  2. Google — 33,3 mlrd soʻm;
  3. Meta — 29 mlrd soʻm;
  4. Valve Corp. — 15,8 mlrd soʻm;
  5. Anthropic — 6,3 mlrd soʻm;
  6. OpenAI — 5,6 mlrd soʻm;
  7. Midasbuy — 3 mlrd soʻm;
  8. Booking.com — 2,6 mlrd soʻm;
  9. TikTok — 1,7 mlrd soʻm;
  10. Anysphere — 1,6 mlrd soʻm.

Dastlabki oʻnta kompaniya jami 132,5 mlrd soʻm soliq toʻlagan. Bu umumiy tushumning 92,2 foizini tashkil etadi. Qolgan 87 ta kompaniya hissasiga esa 11,3 mlrd soʻm yoki jami soliqning 7,8 foizi toʻgʻri kelgan.

Reytingga sunʼiy intellekt xizmatlarini koʻrsatuvchi uchta kompaniya — Anthropic, OpenAI va Anysphere kirgan. Ular yarim yilda Oʻzbekistonda jami 112,9 mlrd soʻmlik xizmat koʻrsatib, 13,5 mlrd soʻm soliq toʻlagan. Bu xorijiy elektron xizmatlardan tushgan barcha soliqlarning 9,4 foiziga teng.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+