12 013.520 so‘m

decrease

-10.880

13 649.760 so‘m

increase

6.880

159.950 so‘m

decrease

-0.460

12 013.520 so‘m

decrease

-10.880

30 daqiqa avval
Texnologiya
53

Apple MacBook va iPad narxlarini keskin oshirdi

Apple xotira chiplari qimmatlashgani ortidan MacBook, iPad va boshqa qurilmalari narxini keskin oshirdi. Eng arzon MacBook Neo narxi 699 dollarga, 13 dyuymli MacBook Air 1 299 dollarga, bazaviy iPad 449 dollarga, Mac Studio esa 5 299 dollargacha qimmatlashdi.

Apple MacBook va iPad narxlarini keskin oshirdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Apple MacBook hamda iPad qurilmalari narxlarini sezilarli darajada oshirdi. Kompaniya bunga sunʼiy intellekt infratuzilmasiga talab ortishi ortidan xotira va maʼlumot saqlash chiplari qimmatlashganini sabab qilmoqda. Ayrim kompyuterlar bir kechada 500 dollargacha qimmatlashdi.

Kompaniya 25 iyundan boshlab AQShdagi rasmiy onlayn doʻkonida Mac va iPad qurilmalarining yangi narxlarini joriy qildi.

Apple’ning qaysi qurilmalari qimmatlashdi?

Narx oshishi faqat ayrim MacBook va iPad modellari bilan cheklanmagan. Apple noutbuklar, stol kompyuterlari, planshetlar va uy qurilmalarining deyarli barcha asosiy turlarini qimmatlashtirdi.

Mac va MacBook’lar

— MacBook Neo — 599 dollardan 699 dollarga, 16,7 foizga;

— 13 dyuymli MacBook Air — 1 099 dollardan 1 299 dollarga, 18,2 foizga;

— 15 dyuymli MacBook Air — 1 299 dollardan 1 499 dollarga, 15,4 foizga;

— M5 chipli MacBook Pro — 1 699 dollardan 1 999 dollarga, 17,7 foizga;

— M5 Pro chipli MacBook Pro — 2 199 dollardan 2 499 dollarga, 13,6 foizga;

— M5 Max chipli MacBook Pro — 3 599 dollardan 4 099 dollarga, 13,9 foizga;

— iMac — 1 299 dollardan 1 499 dollarga, 15,4 foizga;

— Mac mini — 599 dollardan 799 dollarga, 33,4 foizga;

— M4 Max chipli Mac Studio — 1 999 dollardan 2 499 dollarga, 25 foizga;

— M3 Ultra chipli Mac Studio — 3 999 dollardan 5 299 dollarga, 32,5 foizga qimmatlashdi.

Eng katta nominal oʻsish M3 Ultra chipli Mac Studio’da qayd etildi: uning boshlangʻich narxi birdaniga 1 300 dollarga oshdi.

iPad’lar

— bazaviy iPad — 349 dollardan 449 dollarga, 28,7 foizga;

— iPad mini — 499 dollardan 599 dollarga, 20 foizga;

— 11 dyuymli iPad Air — 599 dollardan 749 dollarga, 25 foizga;

— 13 dyuymli iPad Air — 749 dollardan 949 dollarga, 26,7 foizga;

— 11 dyuymli iPad Pro — 999 dollardan 1 199 dollarga, 20 foizga;

— 13 dyuymli iPad Pro — 1 299 dollardan 1 499 dollarga, 15,4 foizga qimmatlashdi.

Apple TV, HomePod va Vision Pro

— HomePod — 299 dollardan 349 dollarga, 16,7 foizga;

— HomePod mini — 99 dollardan 129 dollarga, 30,3 foizga;

— 64 GB xotirali Apple TV 4K — 129 dollardan 199 dollarga, 54,3 foizga;

— 128 GB xotirali Apple TV 4K — 149 dollardan 249 dollarga, 67,1 foizga;

— 256 GB xotirali Vision Pro — 3 499 dollardan 3 699 dollarga;

— 1 TB xotirali Vision Pro — 3 899 dollardan 4 199 dollarga qimmatlashdi.

Qurilmalarning kuchliroq xotira va maʼlumot saqlash imkoniyatlariga ega konfiguratsiyalarida oʻsish yanada katta. Masalan, eng yuqori konfiguratsiyadagi 16 dyuymli MacBook Pro 7 199 dollardan 9 999 dollarga, Mac mini 4 499 dollardan 6 199 dollarga, Mac Studio esa 10 099 dollardan 14 299 dollarga qimmatlashdi.

Hozircha iPhone, Apple Watch va AirPods narxlariga oʻzgartirish kiritilmagan.

Narxlar nega oshirildi?

Apple qarorni tez surʼatlarda qimmatlashayotgan operativ xotira va maʼlumot saqlash chiplari bilan izohladi.

Sunʼiy intellekt kompaniyalari yirik maʼlumotlar markazlarini qurayotgani sababli serverlar uchun xotira chiplariga talab keskin oshgan. Ishlab chiqaruvchilar yuqori daromad keltiradigan AI serverlari va Nvidia kabi kompaniyalar buyurtmalariga ustuvorlik bermoqda. Natijada oddiy noutbuk, planshet va smartfonlar uchun moʻljallangan chiplar taklifi qisqargan.

TrendForce hisob-kitoblariga koʻra, anʼanaviy DRAM xotira chiplari narxi 2026 yilning birinchi choragida qariyb ikki baravar oshgan. Ikkinchi chorakda esa narxlarning yana 58–63 foizga koʻtarilishi kutilmoqda.

Apple shu paytgacha oshgan xarajatlarning katta qismini oʻz zimmasiga olganini, biroq endilikda avvalgi narxlarni saqlab qolish imkoniyati qolmaganini bildirdi.

Narxlarning oshirilishi kompaniya aksiyalariga ham bosim oʻtkazdi. Eʼlon ortidan Apple aksiyalari qariyb 5 foizga pasaydi.

Tahlilchilar xotira chiplari bilan bogʻliq xarajatlar kamaymasa, kuzda taqdim etilishi kutilayotgan yangi iPhone modellari ham qimmatroq narxda sotuvga chiqarilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Mazkur narxlar AQShdagi Apple Store uchun belgilangan boʻlib, soliqlarni oʻz ichiga olmaydi. Oʻzbekistondagi chakana narxlar yetkazib berish xarajatlari, valyuta kursi va sotuvchilar ustamasiga qarab bundan yuqoriroq boʻlishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+