Apple ilk bor $1000 dan arzon, iPhone protsessorli MacBook ishlab chiqmoqda — Bloomberg
Apple oʻz tarixida birinchi marta arzon segmentdagi MacBook ishlab chiqarmoqda. “J700” kod nomi ostida yaratilayotgan yangi noutbukda iPhone protsessori, LCD ekran va ixcham korpus boʻladi. Qurilma narxi 1 000 dollardan arzon boʻlishi va 2026 yilning birinchi yarim yilligida taqdim etilishi kutilmoqda.

Apple tarixida ilk bor arzon segmentdagi noutbuk ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Bloomberg jurnalisti Mark Gurman xabar berdi.
Yangi mahsulot Chromebooks va boshlangʻich darajadagi Windows noutbuklari foydalanuvchilarini jalb etishga qaratilgan. Qurilma talabalarga, korxonalar va kundalik foydalanuvchilarga moʻljallangan boʻlib, asosan internetda ishlash, hujjatlar bilan shugʻullanish hamda yengil media tahrirlash kabi vazifalar uchun qulay boʻladi.
Apple bu loyihani planshetdan koʻra anʼanaviy noutbukni afzal koʻruvchi potentsial iPad xaridorlari uchun ham jozibador variant sifatida koʻrmoqda. “J700” kod nomi ostida ishlab chiqilayotgan noutbuk hozirda Apple ichki testlaridan oʻtmoqda va xorijiy yetkazib beruvchilar tomonidan dastlabki ishlab chiqarish bosqichiga kirgan. Kompaniya uni 2026 yilning birinchi yarmida taqdim etishni rejalashtirgan.
Byudjetli Mac modeli kamroq takomillashgan, ammo samarali komponentlardan foydalanadi. Jumladan, u iPhone protsessori va past darajadagi LCD displeyga ega boʻladi. Narxi esa mavjud MacBook Air’ga nisbatan taxminan $1000 ga arzonroq boʻlishi kutilmoqda. Qurilma ekranining oʻlchami ham eng ixcham boʻladi — MacBook Air’dagi 13,6 dyuymli ekrandan kichikroq.
Bu Apple tarixida birinchi marta iPhone protsessorining Mac kompyuteriga oʻrnatilishi boʻladi. Gurmanning yozishicha, ichki sinovlar natijalariga koʻra, yangi protsessor hatto bir necha yil avvalgi M1 chipdan ham yaxshiroq ishlash koʻrsatkichlarini namoyish qilgan.
Apple 2026 yilda Mac qurilmalarining katta yangilanish toʻlqinini ham rejalashtirgan. Unga koʻra:
- M5 MacBook Air;
- M5 Pro va M5 Max chipli MacBook Pro modellarini;
- M5 va M5 Pro chipli Mac mini;
- M5 Max va M5 Ultra chipli Mac Studio taqdim etilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kompaniya OLED sensorli ekranga ega M6 chipli yangi MacBook Pro’ni (2026 oxiri yoki 2027 boshida) hamda ikkita yangi tashqi Mac monitorini chiqarishni rejalashtirmoqda.
Maʼlumot uchun Oʻzbekistondagi koʻplab texnika doʻkonlarida M1 chipli MacBook Air modellarining boshlangʻich versiyalari 610-640 dollar atrofida sotilmoqda.









