Anorbank aksiyadorlari tarkibiga xorijiy investor kirdi, asosiy aksiyador Olimov ulushi ikki barobarga qisqardi
Anorbank aksiyadorlari va bankka affillangan shaxslar roʻyxatida oʻzgarishlar amalga oshirildi. Unga koʻra, Niderlandiyada roʻyxatdan oʻtgan Bekamin B.V. kompaniyasi bank aksiyadorlari tarkibiga kiritildi. Asosiy aksiyador Qahramonjon Olimovning ulushi esa 99,38 foizdan 49,38 foizgacha qisqardi.

Anorbank aksiyadorlari va bankka affillangan shaxslar roʻyxatida oʻzgarishlar amalga oshirildi. Unga koʻra, bank aksiyadorlari tarkibiga Niderlandiyada roʻyxatdan oʻtgan Bekamin B.V. kompaniyasi kiritildi.
Maʼlum qilinishicha, bankning asosiy aksiyadori Qahramonjon Olimovning ulushi 99,38 foizdan 49,38 foizgacha qisqargan. Natijada uning egaligidagi aksiyalar soni 795,1 million donadan 395,1 million donagacha kamaydi. Qolgan 400 million dona aksiya boshqa shaxslarga oʻtkazilgan.
Shu bilan birga, Bekamin B.V. 400 million dona aksiya egasi sifatida Anorbank’ning affillangan shaxslar roʻyxatiga kiritildi.
Bank tarkibiga xorijiy investor qoʻshilgani Anorbankning rasmiy sahifasida eʼlon qilindi. Biroq bitim qiymati oshkor etilmadi.
Bank xabariga koʻra, Bekamin B.V. ulushli investitsiyalarni boshqarish hamda institutsional investorlar bilan ishlashga ixtisoslashgan kompaniya hisoblanadi.
Anorbank rahbariyatining taʼkidlashicha, xorijiy investorni jalb qilish bank taraqqiyotidagi muhim bosqichlardan biridir:
“Xalqaro investorlarni jalb qilish va mustaqil ekspertlarning ishtiroki kapitalni mustahkamlash, shaffoflikni oshirish hamda mijozlar va hamkorlar uchun mahsulot va xizmatlarni faol rivojlantirishga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. Bu, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning bank strategiyasiga boʻlgan ishonchini tasdiqlaydi”, — deyiladi bank bayonotida.
Avvalroq, The Insider nashri Parijda Anorbank rahbari oʻgʻirlab ketilgani haqidagi voqea sahnalashtirilgan boʻlishi mumkinligi haqida surishtiruv eʼlon qilgan edi.
Nashr daʼvosiga koʻra, ushbu ishda sahnalashtirish elementlari mavjud. The Insider oʻtkazgan surishtiruv natijalariga koʻra, Olimov ayblayotgan shaxslar bilan doʻstona aloqada boʻlgan va “oʻgʻirlangan” deb koʻrsatilgan kunlarda ular bilan bemalol yozishib, qoʻngʻiroqlar qilgan.
Shuningdek, voqea atrofida yirik moliyaviy nizolar va eski hisob-kitoblar mavjudligi ham aniqlangani qayd etilgan.









