Angliya va Uelsdagi jinoyat sudlari ishlarni koʻrishda AI vositalaridan foydalanishni boshlaydi
Buyuk Britaniya hukumati Angliya va Uelsdagi ogʻir jinoyat ishlarini koʻruvchi Crown Court sudlarida sunʼiy intellekt vositalarini sinovdan oʻtkazmoqda. Yangi texnologiya sudga tayyor ishlarni aniqlash, oʻxshash eshituvlarni guruhlash va ishlarni tezroq koʻrib chiqishga yordam berishi kutilmoqda.

Britaniya Adliya vazirligi sud tizimidagi kechikishlarni kamaytirish maqsadida sunʼiy intellekt asosidagi yangi vositalarni joriy etish boʻyicha sinovlarni boshlaydi. Loyiha dastlab Angliya va Uelsdagi Crown Court sudlarida qoʻllanadi.
Crown Court — Angliya va Uelsda ogʻir jinoyat ishlarini koʻradigan sud hisoblanadi. Unda qotillik, talonchilik, zoʻravonlik, yirik firibgarlik kabi jiddiy jinoyatlar boʻyicha ishlar koʻrib chiqiladi.
Yangi AI vositalari sud xodimlari va huquqshunoslarga ish materiallarini tahlil qilish, huquqiy tadqiqot oʻtkazish hamda sud jarayonlarini rejalashtirishda yordam beradi. Hukumatga koʻra, texnologiya avval xavfsiz va nazorat qilinadigan muhitda sinovdan oʻtkaziladi.
Sunʼiy intellekt, xususan, qaysi ishlar sud majlisiga tayyorligini aniqlash va oʻxshash eshituvlarni birlashtirishda qoʻllanishi mumkin. Bu sud, prokuratura va boshqa resurslardan samaraliroq foydalanishga xizmat qilishi aytilmoqda.
Shu bilan birga, AI sudyaning oʻrnini bosmaydi. Sudyalar sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan materiallar uchun shaxsan javobgar boʻladi. Shuningdek, maxfiy maʼlumotlarni ochiq AI chatbotlariga kiritmaslik va AI bergan natijalarni mustaqil tekshirish talab etiladi.
Britaniya hukumati bu orqali sud jarayonlarini tezlashtirish, jabrlanuvchilar va ishtirokchilarning uzoq kutish muddatini qisqartirishni maqsad qilmoqda.









