Aloqabankda Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
Aloqabank aksiyadorlari islomiy moliya xizmatlarini yoʻlga qoʻyish doirasida uch kishilik Islomiy moliya kengashini tashkil etdi. Kengashga Oʻzbekiston va Pokistondan mutaxassislar uch yil muddatga saylandi. Ular Markaziy bank bilan kelishilganidan keyin vakolatlarini boshlaydi.

Aloqabank aksiyadorlarining 28 sentabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida Islomiy moliya kengashi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Kengash tarkibiga Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbashunoslik boʻlimi ilmiy xodimi Xikmatulla Abiyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi koll-markaz shoʻbasi yetakchi mutaxassisi Muhammadjon Ibragimov hamda Pokistondagi Jomia Dorul Ulum Karachi vitse-prezidenti Muhammad Zubayr Usmoniy saylandi.
Ularning vakolat muddati uch yil etib belgilangan. Biroq kengash aʼzolari hali ish boshlamaydi, avval ularning nomzodi Markaziy bank bilan kelishilishi kerak. Aloqabank boshqaruvi raisi Kammuna Irisbekova tegishli hujjatlarni qaror qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida regulyatorga taqdim etadi.
Aksiyadorlar kengash aʼzolariga toʻlanadigan haqning eng yuqori miqdorini ham belgiladi. Kengash raisi oyiga koʻpi bilan 24 mln soʻm, boshqa aʼzolarning har biri esa 18 mln soʻmgacha haq olishi mumkin.
Shu tariqa, uch kishilik kengash uchun toʻlovlarning umumiy yuqori chegarasi oyiga 60 mln soʻm yoki yiliga 720 mln soʻmni tashkil etadi. Islomiy moliya kengashining har bir aʼzosi bilan alohida fuqarolik-huquqiy shartnoma tuziladi.
Islomiy moliya kengashini tashkil etish bankda islomiy moliya xizmatlarini yoʻlga qoʻyish uchun koʻrilayotgan choralardan biridir. Yigʻilishda Aloqabankning “Islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati” ham tasdiqlandi va bank ustaviga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.
Ustavga koʻra, bank foydani taqsimlash asosida mijozlarni moliyalashtirish va investitsiyaviy omonatlarni jalb qilish, tovarlarni nasiyaga sotish, oldindan toʻlov orqali moliyalashtirish, sherikchilik loyihalarida qatnashish hamda mol-mulkni islomiy ijaraga berishni rejalashtirmoqda.
Biroq bu xizmatlar hozircha ishga tushirilgani yoʻq. Aloqabank avval islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun Markaziy bankka hujjatlarni taqdim etishi kerak. Litsenziya berilganidan keyin bank ustavidagi oʻzgarishlar ham regulyatorda roʻyxatdan oʻtkaziladi.









