12 581.970 so‘m

increase

84.220

14 698.260 so‘m

increase

39.650

157.750 so‘m

increase

0.960

12 581.970 so‘m

increase

84.220

02-avgust, 17:45
Bank

“Aloqabank” Kuzatuv kengashiga “Ishonch” doʻkonlar tarmogʻiga aloqador ikki shaxs kiritildi

“Aloqabank” Kuzatuv kengashiga “Ishonch” doʻkonlar tarmogʻi bilan bogʻliq ikki shaxs — Qaxxarov Farrux va Mamadaliyev Muxsinjon saylandi. 

Ularning nomzodi bank aksiyalarining 13,87 foiziga egalik qiluvchi Akram Xaydarov tomonidan ilgari surilgan. 

Pinkod oʻrganishlariga koʻra, Xaydarov ilgari egalik qilgan koʻplab korxonalardagi ulushlar aynan shu ikki shaxsga oʻtkazilgan.

“Aloqabank” Kuzatuv kengashiga “Ishonch” doʻkonlar tarmogʻiga aloqador ikki shaxs kiritildi
Foto: AI / Pinkod.uz

“Aloqabank” Kuzatuv kengashi tarkibiga “Ishonch” doʻkonlar tarmogʻi bilan bogʻliq ikki nafar shaxs saylandi. Pinkod mazkur shaxslar haqida avvalroq surishtiruv eʼlon qilgan edi.

Bank korporativ maʼlumotlariga koʻra, 2025 yil 31 iyul kuni “Aloqabank” aksiyadorlarining navbatdan tashqari yigʻilishi boʻlib oʻtgan. Yigʻilish yakunlariga koʻra, “Ishonch kredit savdo” MChJ bosh direktori Qaxxarov Farrux Raxmonovich hamda uning oʻrinbosari Mamadaliyev Muxsinjon Abdurasulovich uch yil muddatga bank Kuzatuv kengashi aʼzosi etib saylangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hujjatga koʻra, “Aloqabank”ning 13,87 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi A. Xaydarov ushbu ikki nomzodni Kuzatuv kengashi tarkibiga kiritishni soʻragan.

Maʼlumot uchun, 2024 yil 11 dekabr kuni “Aloqabank” tomonidan qiymati 500 milliard soʻmlik qoʻshimcha aksiyalar chiqarilgan boʻlib, ularni besh nafar jismoniy shaxsga birjadan tashqari bozorda toʻgʻridan-toʻgʻri joylashtirilishi koʻzda tutilgan edi.

Ushbu investorlar orasida bankka Qaxxarov va Mamadaliyevni kuzatuv kengashiga kiritishni soʻragan Akram Adxamovich Xaydarov ham boʻlgan. Mazkur chiqaruvdan soʻng u bank aksiyalarining 13,87 foiziga egalik qila boshlagan.

Orginfo.uz dekabr oyidagi maʼlumotlariga koʻra, Akram Xaydarov ilgari 20 dan ortiq korxonada taʼsischi boʻlgan. Biroq uning ushbu korxonalardagi ulushlari uch shaxs — Qaxxarov Farrux Raxmonovich, Mamadaliyev Muxsinjon Abdurasulovich va Toshnazarov Maʼrufjon Muxtarovich nomiga oʻtkazilgan.

Koʻrinib turganidek, ushbu uch nafar shaxsning ikkitasi endilikda “Aloqabank” Kuzatuv kengashiga kiritilgan.

Bundan tashqari, Akram Xaydarov va besh nafar investor orasida qayd etilgan Maxmud Ahmedov — “Fargʻona ishonch savdo” MChJning birgalikdagi taʼsischilari boʻlgan. Ammo hozirda ushbu korxonadagi ulushlar ham Qaxxarov va Mamadaliyevga oʻtgan.

Pinkod surishtiruvida ushbu investorlarning “Ishonch” doʻkonlar tarmogʻiga aloqadorligi tasdiqlovchi maʼlumotlar mavjud edi. Besh nafar investorga tegishli korxonalar hamda “Ishonch” doʻkonlar tarmogʻining yuridik manzili bir xil — Fargʻona viloyati, Uchkoʻprik tumanida roʻyxatdan oʻtgan.

Yuqorida nomi keltirilgan Akram Xaydarov 20 dan ortiq korxonalardagi ulushlarini Qaxxarov Farrux Raxmonovich, Mamadaliyev Muxsinjon Abdurasulovich va Toshnazarov Maʼrufjon Muxtarovichga oʻtkazgani qayd etilgan.

“Ishonch kredit savdo” MChJ (yaʼni, “Ishonch” doʻkonlar tarmogʻi) ning 47,2 foizi Farrux Qaxxarov, 28,7 foizi esa Muxsinjon Mamadaliyevga tegishli.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+