Aktivlardan majburiyatlar koʻproq: Humans 2025 yilning 9 oyida 26,5 mlrd soʻm zarar koʻrdi
2025 yilning 9 oylik moliyaviy hisobotiga koʻra, Humans Companies AJ 26,5 mlrd soʻm sof zarar qayd etdi.
Xarajatlarning keskin oshishi natijasida kompaniya oʻz kapitali manfiy holatga tushib, majburiyatlar hajmi aktivlardan sezilarli darajada oshib ketdi.
Hisobot davri yakuniga kelib, kompaniyaning jami aktivlari 131,4 mlrd soʻmni, oʻz kapitali esa –275,5 mlrd soʻmni tashkil etdi.

Humans Companies AJ 2025 yilning 9 oyida sezilarli moliyaviy zarar koʻrdi. Bu haqda kompaniya eʼlon qilgan moliyaviy hisobotda maʼlum qilingan.
Hisobotga koʻra, kompaniya joriy davrni 26,5 mlrd soʻm sof zarar bilan yakunlagan. Taqqoslash uchun, 2024 yilning mos davrida Humans Companies AJ 2,8 mlrd soʻm sof foyda qayd etgan edi.
Eʼtiborlisi, tannarx keskin kamaygan. agar 2024 yilning mos davrida u 17,2 mlrd soʻm boʻlgan boʻlsa, 2025 yilning 9 oyida 822 mln soʻmgacha qisqargan. Natijada, yalpi foyda 60,7 mlrd soʻmga yetgan (oʻtgan yili — 12,3 mlrd soʻm).
Humans va uning atrofidagi barcha voqealar bilan mazkur havola orqali tanishish mumkin.
Biroq kompaniyaning jami xarajatlari keskin oshib, 27,1 mlrd soʻmdan 88,9 mlrd soʻmgacha koʻpaygan. Aynan xarajatlarning bu darajadagi oʻsishi sof zarar shakllanishiga asosiy omil boʻlgan.
Moliyaviy holat koʻrsatkichlariga koʻra, kompaniyaning jami aktivlari 86,1 mlrd soʻmdan 131,4 mlrd soʻmgacha oshgan. Shu bilan birga, oʻz kapitali manfiy holatga tushib, –275,5 mlrd soʻmni tashkil etgan. Bu holat asosan 306 mlrd soʻm miqdoridagi yigʻilib qolgan zararlar bilan izohlanadi.
Manfiy kapital kompaniyaning majburiyatlari uning aktivlaridan sezilarli darajada yuqori ekanini anglatadi. Xususan, qisqa muddatli majburiyatlar keskin oshib, 46,5 mlrd soʻmdan 346,1 mlrd soʻmgacha yetgan.
Avvalroq Pinkod 14 oktabr kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Humans MChJ bilan bogʻliq nizo koʻrib chiqilgani haqida xabar bergan edi.
Sud qaroriga koʻra, Humans MChJ (taʼsischisi — Humans Companies AJ) bankrot deb topilib, unga nisbatan faoliyatini toʻxtatmagan holda tugatish tartib-taomili boshlangan.









