Aholining asosiy qismi keyingi davrda daromadi oshishini kutmoqda — Markaziy bank sharhi
Markaziy bank soʻroviga koʻra, 2026 yilning birinchi choragida respondentlarning 68 foizi kelgusi davrda daromadlari oshishini kutgan. Shu bilan birga, aholining 77 foizi xarajatlari ham koʻpayishini bildirgan.

Markaziy bankning 2026 yil I chorak uchun isteʼmol kayfiyati sharhiga koʻra, daromad subindeksi 72,8 bandni tashkil etib, oldingi chorakka nisbatan 0,3 bandga oshgan.
Soʻrov qatnashchilarining 68 foizi kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda. Bu koʻrsatkich 2025 yilning toʻrtinchi choragida 67 foizni tashkil etgan edi.
Respondentlarning yana 25 foizi daromadi oʻzgarmasligini bildirgan. Daromadlari kamayishini kutayotganlar ulushi esa 7 foizgacha qisqarib, 2023 yilning toʻrtinchi choragidan buyon eng past darajaga tushgan.
Daromadi 20 mln soʻmdan yuqori boʻlgan respondentlar orasida ijobiy kutishlar yanada yuqori boʻlib, ularning 77 foizi daromadi oshishini kutmoqda.
Soʻrov qatnashchilarining 66 foizi asosiy daromad manbai sifatida rasmiy ish haqini koʻrsatgan. Tomorqa, tadbirkorlik va savdo, kunlik daromadli ishlar, mulk ijarasi hamda pul oʻtkazmalaridan daromad oluvchilar ulushi ham biroz oshgan.
Daromad oshishiga eng yuqori ishonch maishiy xizmat va umumiy ovqatlanish sohalarida qayd etilgan — har ikki yoʻnalishda respondentlarning 78 foizi daromadi koʻpayishini kutmoqda.
Qishloq xoʻjaligida bu koʻrsatkich 76 foiz, turizmda 75 foiz, ishlab chiqarishda 74 foizni tashkil etgan. Bank-moliya hamda axborot texnologiyalari va OAV sohalarida esa daromadi oshishini kutayotganlar ulushi 63 foiz boʻlgan.
Xarajatlar ham oshishi kutilmoqda
2026 yilning birinchi choragida xarajat subindeksi 0,3 bandga oshib, 78,1 bandga yetgan.
Respondentlarning 45 foizi kelgusi davrda xarajatlari sezilarli, yana 32 foizi biroz koʻpayishini kutmoqda. Umumiy hisobda soʻrov qatnashchilarining 77 foizi xarajatlari oshishini bildirgan.
Xarajatlari oʻzgarmasligini kutayotganlar ulushi 17 foizni, kamayishini taxmin qilayotganlar esa 6 foizni tashkil etgan.
Aholining barcha daromad guruhlarida uy-joy taʼmiri asosiy xarajat yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda. Taʼlim va davolanish xarajatlari ham yuqori ulushni egallagan.
Daromadi 5 mln soʻmgacha boʻlganlar asosan uy-joy taʼmiri, taʼlim va kundalik ehtiyojlarga pul sarflashni rejalashtirmoqda. Oʻrta daromadli qatlamlar taʼlim, sayohat, avtomobil va toʻy xarajatlarini koʻproq tilga olgan.
Yuqori daromadli respondentlar orasida esa avtomobil, sayohat, uy-joy va maishiy texnika xarid qilish rejalari ustunlik qilmoqda.









