Aholi omonatlari boʻyicha foiz stavkasi 5,5 yillik minimumga tushdi
Iyun oyida jismoniy shaxslarning soʻmdagi muddatli omonatlari boʻyicha oʻrtacha stavka 19,2 foizgacha pasaydi. Koʻrsatkich bir oyda 0,5 foiz punktga, bir yil davomida esa 2,2 foiz punktga tushgan. Bu 2021 yil martidan beri qayd etilgan eng past darajadir.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, aholi omonatlarining oʻrtacha tortilgan stavkasi aprel oyida 19,9 foiz, mayda 19,7 foizni tashkil etgan. Iyun oyida esa pasayish tezlashib, koʻrsatkich 19,2 foizga tushgan.
Taqqoslash uchun, 2025 yilning iyun oyida ushbu stavka 21,4 foiz edi. Shu tariqa, bir yil ichida aholi omonatlarining oʻrtacha daromadliligi 2,2 foiz punktga kamaygan.
Joriy koʻrsatkich 2021 yil martidan beri eng past natija hisoblanadi. Oʻsha oyda stavka 19,1 foizni tashkil etgan, aprelda esa 19,3 foizga koʻtarilgan. Keyingi besh yildan ortiq vaqt davomida koʻrsatkich 19,2 foizdan pastga tushmagan.
Pasayish, ayniqsa, qisqa muddatli omonatlarda sezilarli boʻlgan. Bir yilgacha joylashtirilgan aholi depozitlari boʻyicha oʻrtacha stavka maydagi 17,4 foizdan iyunda 16,6 foizga tushgan. Bir yil oldin bu koʻrsatkich 20,6 foiz edi.
Bir yildan uzoq muddatli omonatlarda esa stavka nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ularning oʻrtacha daromadliligi bir oyda 19,9 foizdan 19,6 foizga kamaygan. Natijada qisqa va uzoq muddatli omonatlar oʻrtasidagi farq 3 foiz punktga yetgan.
Ayni paytda yuridik shaxslarning muddatli depozitlari boʻyicha oʻrtacha stavka maydagi 15,2 foizdan 15,3 foizga koʻtarilgan. Biroq bu ham 2025 yil iyunidagi 17,9 foizlik koʻrsatkichdan 2,6 foiz punkt past.
Shuningdek, yillik inflyatsiya 2025 yil iyunidagi 8,7 foizdan 2026 yil iyunida 6,4 foizgacha sekinlashgan. Natijada nominal omonat stavkasi pasaygan boʻlsa-da, u yillik inflyatsiyadan 12,8 foiz punkt yuqori boʻlib qolmoqda.
Omonat foiz stavkalari nega pastlamoqda?
Omonatlar boʻyicha pasayish banklarning mablagʻ jalb qilish ehtiyoji va depozit bozoridagi sharoitlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Xususan, banklardagi mablagʻlar hajmi tez oʻsmoqda. Jami depozitlar 2025 yil 1 iyundagi 345,6 trln soʻmdan 2026 yilning shu sanasiga 460,6 trln soʻmga yetgan. Oʻsish 115 trln soʻm yoki 33,3 foizni tashkil etgan.
Shu davrda jismoniy shaxslarning depozitlari 134,5 trln soʻmdan 178,5 trln soʻmga koʻtarilgan. Aholi mablagʻlarining 32,7 foizga koʻpayishi banklarning yangi omonatchilarni jalb qilish uchun yuqori foiz taklif etishga boʻlgan ehtiyojini kamaytirgan boʻlishi mumkin. Biroq Markaziy bank stavkalarning pasayish sababiga oid alohida izoh bermagan.
Pasayish 2025 yil II choragidan beri davom etmoqda
Shu oʻrinda stavkalar pasayishi xronologiyasini eslab oʻtish maqsadga muvofiq. 2024 yil oktabridan 2025 yil martigacha boʻlgan olti oy davomida aholi depozitlari boʻyicha stavkalar 22,1 foiz darajasida saqlanib turgan edi.
Oʻsha davrda Oʻzbekistondagi ayrim banklarda 27 foizlik omonatlarni taklif qilish holatlari kuzatilgan (jumladan, TBC Bank, Anorbank va boshqalar). Biroq yanvar oyidan boshlab bank tizimida 27 foizlik omonatlar toʻliq yoʻqoldi. Mazkur oʻzgarish dastlab umumiy foiz stavkalariga sezilarli taʼsir koʻrsatmagan.
Foiz stavkalarining izchil pasayishiga asosiy turtki 2025 yil mart oyining oxirida kuzatildi. Oʻshanda Oʻzbekiston banklari sinxron ravishda omonatlar boʻyicha foiz stavkalarini 23 foizdan oshmaydigan darajagacha tushira boshladi. Ushbu oʻzgarishlar aprel oyidan kuchga kirgani sababli, pasayish ham aynan shu davrdan boshlab statistikada aks etdi.
Jamoatchilik orasida ushbu sinxron oʻzgarishlar maʼmuriy topshiriqlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligi haqidagi taxminlar mavjud. Markaziy bank mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh bermagan.









