Aholi banklarga xarid qilganidan 7,9 mlrd dollar koʻproq valyuta sotdi
2026 yilning yanvar–sentabr oylarida jismoniy shaxslar banklarga 18,9 mlrd dollar sotib, qariyb 11 mlrd dollar xarid qildi. Sotuv va xarid oʻrtasidagi farq oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 mlrd dollarga kengaydi. Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda, ichki bozordagi valyuta taklifining 43 foizi aholi hissasiga toʻgʻri keldi.

Oʻzbekistonda aholining banklarga valyuta sotishi uchinchi yil ketma-ket oshmoqda. Markaziy bankning toʻqqiz oylik ichki valyuta bozori sharhiga koʻra, jismoniy shaxslar tomonidan sotilgan valyuta hajmi 2024 yilning yanvar–sentabridagi 11,8 mlrd dollardan 2025 yilda 15,3 mlrd dollarga, joriy yilda esa 18,9 mlrd dollarga yetgan.
Shu davrlarda aholining valyuta xaridi ham koʻpayib, mos ravishda 6,9 mlrd dollar, 8,6 mlrd dollar va qariyb 11 mlrd dollarni tashkil etdi. Biroq sotuv hajmi xariddan yuqoriligicha qolmoqda. Natijada ular oʻrtasidagi farq ikki yil ichida 4,9 mlrd dollardan 7,9 mlrd dollarga kengaydi.
Joriy yilning toʻqqiz oyida aholi valyuta xaridi yillik hisobda 27,9 foizga oshgan. Sotuv hajmi esa qariyb 24 foizga koʻpaygan. Yaʼni xaridlar tezroq oʻsgan boʻlsa-da, sotuvning kattaroq hajmi hisobiga banklarda aholi operatsiyalaridan shakllangan qoʻshimcha valyuta taklifi ortgan.
Ayni paytda mamlakatga xalqaro pul oʻtkazmalari orqali kelib tushayotgan mablagʻlar ham oshmoqda. Yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekistonga 15,2 mlrd dollar yuborilgan. Bir yil avval bu koʻrsatkich 13,9 mlrd dollarni tashkil etgan edi.
Oʻzbekistondan xorijga oʻtkazilgan mablagʻlar esa deyarli oʻzgarmagan: 1,93 mlrd dollardan 1,95 mlrd dollarga koʻtarilgan. Natijada xalqaro pul oʻtkazmalari boʻyicha mamlakatga kirim chiqimdan 13,2 mlrd dollar koʻproq boʻlgan.
Umuman, toʻqqiz oyda ichki bozorda xorijiy valyutaga talab 17,9 foizga oshib, 50,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda, taklif 25,3 foizga koʻpayib, 43,8 mlrd dollarga yetdi. Shu tariqa umumiy bozorda ham valyuta taklifi talabga qaraganda tezroq oʻsdi.
Korxonalarning eksport tushumlari 28,1 foizga oshib, 16,6 mlrd dollarga yetgan. Shundan 9,5 mlrd dollari yoki 57,2 foizi ichki bozorda sotilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 2,4 mlrd dollarga koʻp.
Ushbu davrda dollar kursi 11 765–12 320 soʻm oraligʻida shakllangan. Sentabr oxirida bir dollar 11 821 soʻmni tashkil etib, soʻm yil boshiga nisbatan 1,5 foizga mustahkamlangan.









