Aholi banklarga olganidan 5,5 mlrd dollar koʻproq valyuta sotdi
2026 yilning birinchi yarmida jismoniy shaxslar banklarga 12,3 mlrd dollar sotib, 6,8 mlrd dollar xarid qildi. Natijada aholi operatsiyalari boʻyicha ijobiy saldo bir yil ichida qariyb 48 foizga oshdi. Valyuta taklifining talabga nisbatan tezroq oʻsishi soʻm kursining yil boshidagi darajada qolishiga yordam berdi.

2026 yilning yanvar–iyun oylarida Oʻzbekiston ichki bozorida xorijiy valyutaga umumiy talab 31,97 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 mlrd dollar yoki 20 foizga koʻproqdir. Bu haqda Markaziy bankning I yarim yillik uchun ichki valyuta bozori sharhida keltirib oʻtilgan.
Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda, valyuta taklifi 31 foizga oshib, 27,77 mlrd dollarga yetdi. Shu tariqa taklif talabga qaraganda tezroq oʻsdi.
Ichki bozordagi valyuta taklifining oʻsishida aholi operatsiyalari muhim rol oʻynadi. Jismoniy shaxslar banklarga 12,27 mlrd dollar sotdi. Bu bir yil oldingi 9,11 mlrd dollarga nisbatan 3,16 mlrd dollar yoki 34,7 foizga koʻp.

Ayni paytda aholi banklardan 6,77 mlrd dollar xarid qildi. Natijada sotilgan valyuta xarid qilinganidan 5,49 mlrd dollarga koʻp boʻldi. Taqqoslash uchun, 2025 yilning birinchi yarmida bu farq 3,72 mlrd dollarni tashkil etgan.

Aholi valyuta taklifining oshishiga xalqaro pul oʻtkazmalari ham taʼsir koʻrsatdi. Olti oyda Oʻzbekistonga 9,28 mlrd dollar kelib tushdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 13 foizga koʻp. Mamlakatdan 1,33 mlrd dollar yuborilib, qariyb 8 mlrd dollarlik ijobiy saldo shakllandi.
Valyutaga umumiy talabning asosiy qismi korxona va tashkilotlar hissasiga toʻgʻri keldi. Yuridik shaxslar 25,2 mlrd dollar xarid qilgan boʻlib, bu jami talabning qariyb 79 foizini tashkil etadi.
Korxonalarning eksport tushumlari 30 foizga oshib, 10,1 mlrd dollarga yetdi. Shundan 5,6 mlrd dollari yoki 55 foizi ichki valyuta bozorida sotildi.
Valyuta taklifi, eksport tushumlari va pul oʻtkazmalarining koʻpayishi fonida dollar kursi yarim yil davomida 11 935–12 320 soʻm oraligʻida shakllandi. Iyun oxirida kurs 12 009 soʻmni tashkil etib, yil boshiga nisbatan deyarli oʻzgarmadi.

Biroq kursning kunlik ikki tomonlama tebranuvchanligi 22,7 soʻmdan 30,2 soʻmgacha yoki 33 foizga oshdi. Bu yarim yillik yakuniy natija barqaror qolgan boʻlsa-da, davr ichidagi qisqa muddatli tebranishlar kuchayganini anglatadi.
XVJ iyun oyidagi hisobotida Oʻzbekiston almashuv kursi rejimini “sudraluvchi”dan “suzuvchi” maqomiga oʻzgartirdi. Markaziy bank yil oxiri va 2027 yilda market-meykerlik institutini rivojlantirish, banklarning kurs shakllanishidagi rolini oshirish hamda valyuta xatarlarini xedjirlash vositalari uchun huquqiy asoslarni mustahkamlashni rejalashtirmoqda.









