11 772.950 so‘m

decrease

-35.810

13 224.550 so‘m

decrease

-179.570

141.140 so‘m

decrease

-1.020

11 772.950 so‘m

decrease

-35.810

3 soat avval
Bank
251

Agrobank Kuzatuv kengashiga Gruziyaning sobiq bosh vaziri kirdi

Agrobank aksiyadorlari Kuzatuv kengashining amaldagi tarkibi vakolatlarini muddatidan oldin tugatib, 9 kishilik yangi tarkibni uch yilga sayladi. 

Kengashdagi 9 aʼzodan 6 nafari almashdi, mustaqil aʼzolar soni 4 nafardan 5 nafarga oshdi. 

Yangi tarkibga 2015–2018 yillarda Gruziya bosh vaziri boʻlgan Georgiy Kvirikashvili ham kiritildi.

Agrobank Kuzatuv kengashiga Gruziyaning sobiq bosh vaziri kirdi

Agrobank Kuzatuv kengashi tarkibi sezilarli darajada yangilandi. Bank aksiyadorlarining 24 sentabrdagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida amaldagi kengash vakolatlari muddatidan oldin tugatilib, 9 kishilik yangi tarkib uch yilga saylandi. Qaror haqidagi muhim fakt 2 oktabr kuni Korporativ axborot yagona portalida eʼlon qilindi. 

Avvalgi tarkibdan Axadbek Xaydarov, Djamol Ibragimov va Yan Tavrovskiy kengashda qolgan. Shahobiddin Ortiqov, Muzaffardjan Hakimov, Toʻlqin Mirzayev, Sardor Xolmaxmadov, Husamettin Gulxan va Neʼmatxon Xamraxudjayevning vakolatlari esa tugatilgan.

Shu tariqa, Kuzatuv kengashining 9 aʼzosidan 6 nafari yoki 66,7 foizi almashtirilgan.

Ularning oʻrniga Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari Otabek Barakayev va Elbek Begjanov, shuningdek, toʻrt nafar mustaqil aʼzo — Irina Seylanyan, Georgiy Kvirikashvili, Dimitri Shishlo va Tatyana Dogan saylangan.

Yangi tarkibda Xaydarov Kuzatuv kengashi raisi sifatida qolgan. U ayni paytda iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari hisoblanadi. Ibragimov Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasida, Barakayev va Begjanov esa Iqtisodiyot va moliya vazirligida faoliyat yuritadi.

Irina Seylanyan

Kengashga kirgan xorijiy mutaxassislar orasida Irina Seylanyan ham bor. U Afeyan Initiatives for Armenia jamgʻarmasi bosh ijro direktori hisoblanadi.

Georgian PM Giorgi Kvirikashvili resigns over 'disagreements with  Ivanishvili'
Georgiy Kvirikashvili

Georgiy Kvirikashvili 2015–2018 yillarda Gruziya bosh vaziri lavozimida ishlagan. Hozir u Tojikistondagi “Arvand” banki Kuzatuv kengashi aʼzosi sifatida koʻrsatilgan.

Dimitri Shishlo esa Jenevadagi AndSecure kompaniyasi asoschisi va bosh maslahatchisi hisoblanadi.

Tatyana Dogan ham mustaqil aʼzo sifatida saylangan. Avvalgi tarkibdan qolgan Yan Tavrovskiy bilan birga hisoblaganda, Agrobank Kuzatuv kengashidagi mustaqil aʼzolar soni besh nafarga, ularning umumiy tarkibdagi ulushi esa 55,6 foizga yetgan. Avvalgi tarkibda toʻrt nafar mustaqil aʼzo bor edi.

Biroq yangi saylangan olti aʼzoning vakolati darhol boshlanmaydi. Yigʻilish bayonnomasiga koʻra, Barakayev, Begjanov, Seylanyan, Kvirikashvili, Shishlo va Dogan Markaziy bank bilan kelishilgandan soʻng Kuzatuv kengashi aʼzosi vazifasini bajarishga kirishadi.

Agrobankda kengash tarkibini yangilash bilan birga korporativ boshqaruv hujjatlariga ham oʻzgartirishlar kiritilgan. Xususan, bankda 2030 yilgacha mustaqil Kuzatuv kengashi aʼzolari ulushini kamida 50 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Yangi tarkibda bu koʻrsatkich hozirdanoq 55,6 foizni tashkil qilmoqda. 

Shuningdek, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va homiylik masalalarini koʻrib chiqish Kuzatuv kengashi vakolatiga oʻtkazilmoqda. Kengash va bank boshqaruvi aʼzolarining fidutsiar majburiyatlarni bajarmaslik oqibatida bankka yetkazilgan zarar uchun javobgarligi ham alohida belgilangan.

Turonbankda ham kengashning 66,7 foizi almashgan edi

Pinkod avvalroq Turonbank Kuzatuv kengashida ham deyarli aynan shunday koʻlamdagi oʻzgarish yuz bergani haqida yozgan edi.

Turonbank aksiyadorlarining 25 sentabrdagi yigʻilishida ham 9 kishilik Kuzatuv kengashi qayta shakllantirilib, 6 nafar aʼzoning vakolati muddatidan oldin tugatilgan. Yaʼni Turonbankda ham kengashning 66,7 foizi yangilangan.

Turonbankning yangi tarkibiga PASHA Bank Georgia mustaqil aʼzosi Jorj Glonti, CASPINET B.V. kuzatuv kengashi aʼzosi Sergey Nazarenko, ICC Czech Republic kuzatuv kengashi raisi Yan Charni, Solidcore Resources direktori Richard Nolan Sharko hamda Incofin Investment Management guruh rahbari Maral Amrina kabi xorijiy mutaxassislar kiritilgan edi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+