Adam Sentpeteri Ipoteka-bank OTP Group boshqaruv raisi etib tayinlandi
Adam Sentpeteri 27 iyuldan Ipoteka-bank OTP Group boshqaruv raisi sifatida ish boshladi.
U bunga qadar bank boshqaruv raisi oʻrinbosari boʻlib ishlagan, 3 iyundan esa rais vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgandi.
Sentpeteri OTP Group tarkibida koʻp yillik tajribaga ega boʻlib, turli yillarda guruhning Ukraina, Rossiya va Albaniyadagi banklarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Adam Sentpeteri Ipoteka-bank OTP Group boshqaruv raisi etib tayinlandi. Tayinlov 2026 yil 27 iyuldan kuchga kirgan. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Sentpeteri 3 iyundan buyon boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgandi. Endilikda u bankning transformatsiya jarayonlari va strategik rivojlanishiga toʻliq rahbarlik qiladi.
“Ipoteka-bank OTP Group’ga rahbarlik qilish men uchun katta sharaf. 2023 yilda bank jamoasiga qoʻshilganimdan buyon malakali mutaxassislar bilan birga ishlash va Oʻzbekistonning ulkan salohiyatiga yaqindan guvoh boʻlish imkoniyatiga ega boʻldim”, — dedi Sentpeteri.
Uning soʻzlariga koʻra, bank oldida moliya bozoridagi mavqeini mustahkamlash, mijozlar uchun zamonaviy va qulay xizmatlarni rivojlantirish, regulyator hamda davlat organlari bilan hamkorlikni davom ettirish vazifalari turibdi.
Sentpeteri Ipoteka-bank jamoasiga 2023 yil iyulida boshqaruv raisi oʻrinbosari va strategiya hamda moliya bloki rahbari sifatida qoʻshilgan. Shu yilning sentabridan bankning transformatsiya dasturiga ham rahbarlik qilib, biznesni modernizatsiya qilish va operatsion jarayonlarni takomillashtirish bilan shugʻullangan.
U OTP Group’dagi faoliyatini 2005 yilda makroiqtisodiy tahlilchi sifatida boshlagan. Keyinchalik chakana biznes, kontrolling va strategik boshqaruv yoʻnalishlarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Sentpeteri 2012–2018 yillarda Ukrainadagi OTP Bank kuzatuv kengashi, 2018–2022 yillarda Rossiyadagi OTP Bank direktorlar kengashi aʼzosi boʻlgan. 2022 yil avgustidan 2023 yil iyunigacha esa Albaniyadagi OTP Bank moliya direktori va direktorlar kengashi aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan.
Ipoteka-bank kuzatuv kengashi raisi va OTP Group bosh direktori oʻrinbosari Laslo Volfning taʼkidlashicha, tayinlov OTP Group’ning bank tanlagan strategik rivojlanish yoʻliga ishonchini koʻrsatadi.
“Adam rahbarligi ostida bank strategik maqsadlarni izchil amalga oshirish, mijozlar va hamkorlar uchun uzoq muddatli qiymat yaratish hamda Oʻzbekiston moliya sektorining rivojlanishiga hissa qoʻshishni davom ettirishiga ishonamiz”, — dedi u.
Sentpeteri 2024 yildan buyon bankni boshqargan Sandro Rtveladze oʻrnini egalladi.









