33 yillik rahbarlik yakunlandi: Jensen Xuang Nvidia bosh direktorligidan chetlatildi
Sunʼiy intellekt chiplari ishlab chiqaruvchisi Nvidia asoschisi Jensen Xuang bosh direktorlikdan isteʼfoga chiqdi. Uning oʻrniga kompaniyaning moliyaviy direktori Kolett Kress vaqtinchalik rahbar etib tayinlandi. Qaror Xuangning shaxsiy munosabatlari va Xitoy razvedkasi bilan ehtimoliy aloqalarga doir mojaro ortidan qabul qilindi.

Nvidia direktorlar kengashi 12 noyabr kuni Jensen Xuang kompaniya prezidenti, bosh direktori va direktorlar kengashi aʼzoligidan isteʼfoga chiqqanini rasman eʼlon qildi. Qaror darhol kuchga kirdi.
Kompaniyaning amaldagi moliyaviy direktori Kolett Kress vaqtinchalik bosh direktor vazifasini bajaradi. U yangi doimiy rahbar tayinlanguniga qadar moliyaviy direktor lavozimini ham saqlab qoladi.
Direktorlar kengashi doimiy bosh direktorni tanlash jarayonini boshladi. Nomzodlar kompaniyaning amaldagi rahbarlari va tashqi mutaxassislar orasidan koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, Nvidia tarixida ilk bor direktorlar kengashi raisi lavozimi joriy etilib, unga Harvi Jons tayinlandi. U ilgari Synopsys kompaniyasiga rahbarlik qilgan.
Xuangning isteʼfosi uning Xitoy razvedkasiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan ayol bilan munosabatlari haqidagi xabarlar ortidan yuz berdi. Shuningdek, The New York Times uning Nvidia’dagi yuqori lavozimli xodimlardan biri bilan ham nikohdan tashqari munosabatda boʻlganini yozgan.
Biroq Nvidia rasmiy bayonotida isteʼfoning aniq sababi koʻrsatilmagan. Xitoy razvedkasiga oid gumonlar ham isbotlangan fakt emas.
Reuters maʼlumotiga koʻra, isteʼfo haqidagi xabarlar fonida Nvidia aksiyalari 12 noyabr kuni AQSh birjalaridagi asosiy savdolar boshlanishidan oldin 10 foizdan koʻproqqa arzonlashdi.
63 yoshli Jensen Xuang 1993 yilda Nvidia’ga asos solgan va 33 yil davomida kompaniyani boshqarib kelgan. Uning rahbarligida Nvidia grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchisidan bozor qiymati 4 trln dollarga yetgan sunʼiy intellekt sanoatining yetakchi kompaniyalaridan biriga aylandi.
Kompaniya 17 noyabr kuni navbatdagi choraklik moliyaviy natijalarini eʼlon qiladi. Nvidia rahbariyati ushbu oʻzgarishlar biznes faoliyati, mijozlar oldidagi majburiyatlar va mahsulotlarni rivojlantirish rejalariga xalal bermasligini bildirgan.









