22 apreldan bank ilovalariga kirishda nimalar oʻzgaradi?
22 apreldan bank ilovalarida roʻyxatdan oʻtishda telefon raqami, JShShIR va bank kartasi maʼlumotlarining oʻzaro mosligi tekshiriladi. Mazkur tartib asosan yangi foydalanuvchilarga tatbiq etiladi. Yaqin qarindoshlar nomidagi telefon raqamlari hamda avvaldan ilovalardan foydalanib kelayotgan mijozlar uchun cheklov qoʻllanilmaydi.

22 apreldan boshlab masofaviy moliyaviy xizmatlar xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan yangi tartib joriy etiladi. Unga koʻra, yangi mijozlar bank ilovalarida roʻyxatdan oʻtayotganda telefon raqami, JShShIR va bank kartasi maʼlumotlari oʻzaro mosligi tekshiriladi.
Agar ushbu maʼlumotlar bir-biriga mos kelsa, ilovadan foydalanishda hech qanday muammo yuzaga kelmaydi.
Telefon raqami yaqin qarindosh nomida boʻlsa-chi?
Telefon raqami quyidagi yaqin qarindoshlar nomida boʻlsa, bank ilovalaridan foydalanish mumkin:
- ota-ona;
- opa-singil;
- turmush oʻrtogʻi;
- farzand.
Yaʼni, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi holatlarda mazkur tartib muammo tugʻdirmaydi.
Qachon muammo yuzaga kelishi mumkin? Bu tartib hamma uchun amal qiladimi?
Muammo faqat telefon raqami yoki bank kartasi foydalanuvchiga umuman aloqasi boʻlmagan begona shaxs nomida rasmiylashtirilgan holatlarda yuzaga kelishi mumkin.
Mazkur tartib esa asosan 22 apreldan keyin bank ilovalarida yangi roʻyxatdan oʻtadigan mijozlarga tatbiq etiladi. Hozirda ilovalardan foydalanib kelayotgan foydalanuvchilar uchun amaldagi tartib saqlanib qoladi.
Avvalroq Markaziy bank tomonidan foydalanuvchilarni aniqlash jarayonini takomillashtirish hamda masofaviy moliyaviy xizmatlar xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha talablar joriy etilgani maʼlum qilingan edi.









