11 973.440 so‘m

increase

9.170

13 282.140 so‘m

decrease

-41.270

144.530 so‘m

increase

0.040

11 973.440 so‘m

increase

9.170

Yaqin 1 soat ichida
Iqtisodiyot
40

2026 yilning toʻqqiz oyida davlat OTMlari qancha daromad oldi?

Jami daromad boʻyicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 572,1 mlrd soʻm bilan birinchi oʻrinni egalladi. 

Daromadi xarajatidan koʻp boʻlgan OTMlar orasida Andijon davlat universiteti 44,8 mlrd soʻmlik farq bilan yetakchilik qildi. 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida esa xarajatlar daromaddan 100,9 mlrd soʻmga oshdi. Bu davlat OTMlari orasidagi eng katta manfiy tafovut boʻldi. 

2026 yilning toʻqqiz oyida davlat OTMlari qancha daromad oldi?

2026 yilning yanvar–sentabr oylarida maʼlumotlari eʼlon qilingan 51 ta davlat oliy taʼlim muassasasining jami daromadi 7,37 trln soʻmni tashkil etgani maʼlum boʻldi. Hisobot matni Pinkod’da mavjud.

Daromadning asosiy qismi toʻlov-shartnoma tushumlari hisobiga shakllangan. Ularning hajmi 4,09 trln soʻm boʻlib, jami daromadning 55,5 foiziga toʻgʻri kelgan.

Davlat byudjeti boʻyicha moliyalashtirish rejasi 2,88 trln soʻmni tashkil etgan. Bu jami daromadning 39,1 foiziga teng.

Rivojlantirish jamgʻarmalari orqali esa 400,5 mlrd soʻm tushum qayd etilgan. Ushbu mablagʻlarning jami daromaddagi ulushi 5,4 foizni tashkil etgan.

Shu davrda davlat OTMlarining jami xarajatlari 7,83 trln soʻmga yetgan. Bu daromaddan 454,3 mlrd soʻm yoki 6,2 foizga koʻp.

Xarajatlarning 4,94 trln soʻmi toʻlov-shartnoma mablagʻlari, 2,57 trln soʻmi davlat byudjeti, 318,7 mlrd soʻmi esa rivojlantirish jamgʻarmalari hisobiga toʻgʻri kelgan.

Eng koʻp daromad olgan TOP-10 OTM

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 572,1 mlrd soʻm daromad bilan birinchi oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston Milliy universiteti 544,3 mlrd soʻm bilan ikkinchi, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti 361,6 mlrd soʻm bilan uchinchi oʻrinda qayd etildi.

Keyingi oʻrinlarni Fargʻona davlat universiteti (343,7 mlrd soʻm), Buxoro davlat universiteti (330,3 mlrd soʻm) va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti (304,8 mlrd soʻm) egalladi.

Shuningdek, Urganch davlat universiteti 277,1 mlrd soʻm, Samarqand davlat universiteti 269,2 mlrd soʻm, Toshkent davlat texnika universiteti 227,5 mlrd soʻm hamda Namangan davlat universiteti 216,3 mlrd soʻm daromad olgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti birinchi oʻrinni saqlab qolgan boʻlsa-da, uning daromadi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 307,5 mlrd soʻmga yoki 35 foizga kamaygan.

Oʻzbekiston Milliy universitetining daromadi esa 72,2 mlrd soʻmga yoki 15,3 foizga oshgan. Natijada ikki universitet oʻrtasidagi farq 407,5 mlrd soʻmdan 27,8 mlrd soʻmga qisqargan.

Daromadi xarajatlaridan koʻp boʻlgan OTMlar

Andijon davlat universitetida daromad xarajatdan 44,8 mlrd soʻmga yuqori boʻlgan. Universitetning jami daromadi 214,1 mlrd soʻmni, xarajatlari esa 169,3 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Keyingi oʻrinlarni Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti hamda Namangan davlat texnika universiteti egalladi. Ularda daromad xarajatdan mos ravishda 13,5 mlrd soʻm va 11,5 mlrd soʻmga yuqori boʻlgan.

Nukus davlat texnika universitetida ijobiy farq 11,3 mlrd soʻmni, Samarqand davlat universitetida 8,3 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida daromad xarajatdan 7,7 mlrd soʻmga, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 6,8 mlrd soʻmga yuqori boʻlgan.

Andijon davlat universitetida daromad va xarajat oʻrtasidagi farq oʻtgan yilning mos davrida 17,9 mlrd soʻm edi. Bu yil universitet daromadi 54,3 mlrd soʻmga oshgan. Oʻsishning 31,2 mlrd soʻmi rivojlantirish jamgʻarmasi tushumi hissasiga toʻgʻri kelgan.

Xarajatlari daromadidan koʻp boʻlgan OTMlar

Maʼlumotlari eʼlon qilingan 51 ta OTMdan 29 tasida xarajatlar daromaddan yuqori boʻlgan. 

Eng katta manfiy farq Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida qayd etilgan. Universitetning daromadi 572,1 mlrd soʻmni, xarajatlari esa 673 mlrd soʻmni tashkil etgan. Xarajatlar daromaddan 100,9 mlrd soʻmga oshgan.

Termiz davlat universitetida xarajatlar daromaddan 69,8 mlrd soʻmga, Urganch davlat universitetida 61,2 mlrd soʻmga koʻp boʻlgan.

Keyingi oʻrinlarda Qarshi davlat universiteti (56,2 mlrd soʻm), Qoraqalpoq davlat universiteti (38,2 mlrd soʻm), Fargʻona davlat universiteti (35,6 mlrd soʻm) va Guliston davlat universiteti (35,5 mlrd soʻm) joylashgan.

Qarshi davlat texnika universitetida manfiy farq 33,5 mlrd soʻmni, Samarqand davlat chet tillar institutida 32,9 mlrd soʻmni, Buxoro davlat universitetida esa 31,7 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Oʻtgan yilning mos davrida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining daromadi xarajatlaridan 151,4 mlrd soʻmga yuqori edi. Bu yil universitet xarajatlari ham 55,1 mlrd soʻmga kamaygan, ammo daromad bundan tezroq qisqargan.

Kontrakt tushumlari boʻyicha qaysi OTM yetakchi?

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti toʻlov-shartnoma tushumlari boʻyicha ham birinchi oʻrinni egalladi. Universitet toʻqqiz oyda kontraktdan 414,4 mlrd soʻm olgan.

Oʻzbekiston Milliy universitetida kontrakt tushumi 280,3 mlrd soʻmni tashkil etgan. Keyingi oʻrinlarda Fargʻona davlat universiteti (214,2 mlrd soʻm), Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti (186,8 mlrd soʻm) va Urganch davlat universiteti (173,9 mlrd soʻm) joylashgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining kontrakt tushumi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 244 mlrd soʻmga yoki 37,1 foizga kamaygan. Qoraqalpoq davlat universitetida ham ushbu tushum 103,8 mlrd soʻmga yoki 39,9 foizga qisqargan.

Oʻzbekiston Milliy universitetida esa kontrakt tushumi 34 mlrd soʻmga yoki 13,8 foizga oshgan.

Taqqoslash mumkin boʻlgan 32 ta OTMda kontrakt tushumlari bir yilda 405 mlrd soʻmga yoki 13,8 foizga kamaygan. Ushbu pasayishning qariyb 86 foizi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Qoraqalpoq davlat universiteti hissasiga toʻgʻri kelgan.

Byudjet mablagʻlariga eng koʻp bogʻliq OTMlar

“ToshTech” texnika universitetining 39 mlrd soʻmlik daromadi toʻliq davlat byudjeti boʻyicha moliyalashtirish rejasi hisobiga shakllangan.

Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida byudjet mablagʻlarining jami daromaddagi ulushi 57,2 foizni tashkil etgan. Namangan davlat texnika universitetida bu koʻrsatkich 52,7 foiz, Andijon davlat chet tillari institutida 52,4 foizga teng boʻlgan.

Byudjet mablagʻlari summasi boʻyicha Oʻzbekiston Milliy universiteti birinchi oʻrinda. Universitetning byudjet boʻyicha moliyalashtirish rejasi 233,8 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Keyingi oʻrinlarda Buxoro davlat universiteti (164,8 mlrd soʻm), Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti (161,4 mlrd soʻm), Qoraqalpoq davlat universiteti (143,5 mlrd soʻm) va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (129,9 mlrd soʻm) joylashgan.

Kontrakt mablagʻlari qoldigʻi 848 mlrd soʻmga kamaydi

Toʻqqiz oyda kontrakt mablagʻlari hisobidan qilingan xarajatlar shu davrdagi kontrakt tushumlaridan 848 mlrd soʻmga oshgan.

Natijada kontrakt mablagʻlari qoldigʻi yil boshidagi 2,73 trln soʻmdan 1 oktabr holatiga 1,89 trln soʻmga tushgan. Bu 31 foizlik pasayishni anglatadi.

Eng katta qisqarish Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida kuzatilgan. Uning kontrakt mablagʻlari qoldigʻi 196,8 mlrd soʻmdan 87 mlrd soʻmga tushgan. Kamayish 109,8 mlrd soʻm yoki 55,8 foizni tashkil etgan.

Urganch davlat universitetida qoldiq 87,3 mlrd soʻmga, Termiz davlat universitetida 75,7 mlrd soʻmga, Qarshi davlat universitetida 70,2 mlrd soʻmga kamaygan.

Andijon davlat universitetida esa kontrakt mablagʻlari qoldigʻi 5,8 mlrd soʻmga oshib, 40,4 mlrd soʻmga yetgan.


Izoh: hisobotda xarajatlar amalda sarflangan mablagʻlar — kassa xarajatlari asosida koʻrsatilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+