2026 yilda oltin 5 ming, kumush esa 65 dollargacha koʻtarilishi mumkin — Bank of America
Bank of America 2026 yilda oltin narxi bir unsiya uchun 5 000 dollarga, kumush esa 65 dollarga yetishini prognoz qilmoqda. Bank hisobotiga koʻra, oltinning oʻrtacha yillik narxi 4 438 dollar, kumushniki esa 56,25 dollarni tashkil etadi. Tahlilchilar investitsiya talabining 14 foizga oshishi oltin narxini koʻtarishini, ammo qisqa muddatda bozor konsolidatsiyasi xavfi saqlanib qolayotganini qayd etgan.

Bank of America prognozlariga koʻra, 2026 yilda oltin bir unsiya uchun 5 000 dollarga, kumush esa 65 dollarga yetadi. Bank tahlilchilari fikricha, yaqin oylar ichida oltin va kumush bozorida qisqa muddatli tebranishlar boʻlishi mumkin, biroq uzoq muddatda bu qimmatbaho metallar “toʻxtatib boʻlmaydigan oʻsish tendensiyasi”ni davom ettiradi.
Tahlilchilarning hisob-kitoblariga koʻra, kelasi yilda oltinning oʻrtacha narxi 4 438 dollar, kumushniki esa 56,25 dollar atrofida boʻladi. Bank of America oltinning 4 000 dollarlik darajaga chiqish ehtimolini birinchi boʻlib ilgari surgan yirik moliya muassasalaridan biri boʻlib, endi tahlilchilar yangi, yanada yuqori maqsadlarni belgilashmoqda.
Maʼlumot uchun, oltin narxi 15 oktabr kuni ilk marotaba bir unsiya uchun 4 200 dollarga yetdi. Kumush narxlari esa 1980 yildan beri birinchi bor rekord oʻrnatdi.
Hisobotda taʼkidlanishicha, Oq uyning noodatiy iqtisodiy siyosati oltin narxining oʻsishini qoʻllab-quvvatlaydi. Bunga byudjet tanqisligi, davlat qarzining ortishi, joriy hisob tanqisligini kamaytirish niyatlari va inflyatsiya 3 foiz atrofida boʻlgan sharoitda foiz stavkalarini pasaytirish rejalari sabab boʻlmoqda.
Bankning qimmatbaho metallar boʻyicha yetakchi mutaxassisi Maykl Vidmer boshchiligidagi jamoa oltin narxini 5 000 dollargacha oshiradigan asosiy omil sifatida investitsiya talabining 14 foizga oʻsishini koʻrsatgan. Shuningdek, ular oltinning 6 000 dollargacha koʻtarilish ehtimolini ham inkor etmaydi.
“6 000 dollarlik darajaga chiqish uchun investorlar oltin xaridlarini 28 foizga oshirishi kerak boʻladi — bu imkonsiz emas, biroq ancha murakkab vazifa”, — deyiladi hisobotda.
Shunga qaramay, Bank of America qisqa muddatda konsolidatsiya xavfi yuqoriligini ham qayd etgan. Ularning maʼlumotiga koʻra, sentabr oyida oltin boʻyicha ETF xaridlari oʻtgan yilga nisbatan 880 foizga oshib, rekord darajadagi 14 milliard dollarga yetgan. Jismoniy va qogʻoz oltin investitsiyalari hajmi esa global aksiyalar va obligatsiyalar bozorining 5 foizidan oshgan. Shu bois, tahlilchilar bozor yaqin orada biroz barqarorlashishi mumkinligini aytishmoqda.
Oltin bilan bir qatorda, kumush bozorida ham ijobiy oʻsish kutilmoqda. Bank tahlillariga koʻra, kelasi yilda kumushga boʻlgan umumiy talab 11 foizga kamayadi, biroq bozor hali ham taklif tanqisligi sharoitida qoladi, bu esa narxni ushlab turadi.
Mutaxassislar kumush boʻyicha asosiy xavf quyosh energetikasi sohasidagi oʻzgarishlarga bogʻliqligini taʼkidlashmoqda. Bank of America maʼlumotiga koʻra, quyosh panellarida ishlatiladigan kumush isteʼmoli kelasi yilda oʻz choʻqqisiga chiqadi.