2026 yil boshidan beri banklardagi muammoli kreditlar 5,5 trln soʻmga oshdi
Oʻzbekiston banklaridagi muammoli kreditlar hajmi 1 iyun holatiga 23,6 trln soʻmga yetdi. Bu yil boshiga nisbatan 5,5 trln soʻm yoki 30,8 foizga koʻp. Eng katta oʻsish “Mikrokreditbank”, “Xalq banki” va “Oʻzmilliybank” hissasiga toʻgʻri kelgan.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil boshida tijorat banklarining muammoli kreditlari 18,1 trln soʻmni tashkil etgan edi. Dastlabki besh oyda koʻrsatkich 23,6 trln soʻmga chiqdi.
Shu davrda banklarning jami kredit portfeli 604 trln soʻmdan 636 trln soʻmga yoki 5,3 foizga oshgan. Muammoli kreditlar esa qariyb olti baravar tezroq — 30,8 foizga koʻpaygan. Natijada NPLning jami kreditlardagi ulushi 3 foizdan 3,7 foizga yetdi.
NPL oylar kesimida qanday oʻzgardi?
Yilning dastlabki ikki oyida muammoli kreditlar ketma-ket oshgan. Mart oyida qisqa muddatli pasayish kuzatilgan boʻlsa, aprel va may oylarida oʻsish yana tezlashgan.
| Holat sanasi | Muammoli kreditlar | Bir oylik oʻzgarish |
|---|---|---|
| 1 yanvar | 18,06 trln soʻm | — |
| 1 fevral | 19,36 trln soʻm | +1,31 trln |
| 1 mart | 20,26 trln soʻm | +897 mlrd |
| 1 aprel | 19,86 trln soʻm | −397 mlrd |
| 1 may | 21,92 trln soʻm | +2,06 trln |
| 1 iyun | 23,61 trln soʻm | +1,69 trln |
Eng katta oylik oʻsish aprel davomida qayd etilgan — muammoli kreditlar bir oyda 2,06 trln soʻmga koʻpaygan. May oyida esa oʻsish 1,69 trln soʻmni tashkil etgan.
Yil boshidan eng katta oʻsish qaysi banklarda?
Muammoli kreditlar eng koʻp Mikrokreditbankda oshgan. Bankning NPL hajmi yil boshidagi 894 mlrd soʻmdan 1,78 trln soʻmga yetgan. Oʻsish 887 mlrd soʻm yoki qariyb 99 foizni tashkil etgan.
Keyingi oʻrinlarda “Xalq banki” va “Oʻzmilliybank” turibdi.
| Bank | Yil boshidan oʻzgarish |
|---|---|
| “Mikrokreditbank” | +887 mlrd soʻm |
| “Xalq banki” | +724 mlrd soʻm |
| “Oʻzmilliybank” | +551 mlrd soʻm |
| “Oʻzsanoatqurilishbank” | +495 mlrd soʻm |
| “Agrobank” | +454 mlrd soʻm |
| “Asakabank” | +447 mlrd soʻm |
| Anorbank | +417 mlrd soʻm |
| TBC Bank | +294 mlrd soʻm |
| Kapitalbank | +282 mlrd soʻm |
| Aloqabank | +259 mlrd soʻm |
Ayrim nisbatan kichik banklarda oʻsish surʼati yuqori boʻlgan. Jumladan, Orient Finans bank’dagi muammoli kreditlar 21 mlrd soʻmdan 224 mlrd soʻmga oshgan. “Garant bank”da esa koʻrsatkich 72 mlrd soʻmdan 220 mlrd soʻmga yetgan.
Qaysi banklarda kamaydi?
Yil boshidan beri muammoli kreditlar eng koʻp “Ipoteka-bank”da kamaygan. Bankdagi NPL hajmi 1,26 trln soʻmdan 1,04 trln soʻmga tushgan. Kamayish qariyb 218 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Shuningdek, “Poytaxt bank”da muammoli kreditlar 32 mlrd soʻmga, “Biznesni rivojlantirish banki”da 26 mlrd soʻmga va “Davr bank”da 3 mlrd soʻmga qisqargan.
KDB Bank Oʻzbekiston, Oktobank va Uzum bank’da muammoli kreditlar qayd etilmagan.
Oxirgi oyda oʻsish asosan ikki bank hissasiga toʻgʻri keldi
May oyining oʻzida bank tizimidagi muammoli kreditlar 1,69 trln soʻmga oshgan. Ushbu oʻsishning 1,48 trln soʻmi yoki qariyb 88 foizi Mikrokreditbank va Xalq banki hissasiga toʻgʻri kelgan.
Mikrokreditbankdagi muammoli kreditlar bir oyda 822 mlrd soʻmga, Xalq bankida esa 658 mlrd soʻmga oshgan.
| Bank | May oyidagi oʻzgarish |
|---|---|
| “Mikrokreditbank” | +822 mlrd so‘m |
| “Xalq banki” | +658 mlrd so‘m |
| Asakabank | +261 mlrd so‘m |
| Anorbank | +236 mlrd so‘m |
| TBC Bank | +149 mlrd so‘m |
| Garant bank | +66 mlrd so‘m |
Shu davrda muammoli kreditlar eng koʻp Madad Invest Bank’da kamaygan — 270 mlrd soʻm. Kapitalbank’da NPL 189 mlrd soʻmga, Oʻzsanoatqurilishbankda 130 mlrd soʻmga, Oʻzmilliybankda 34 mlrd soʻmga va Ipoteka-bank’da 28 mlrd soʻmga qisqargan.
Muammoli kreditlarning 71 foizi davlat banklarida
1 iyun holatiga davlat ulushi mavjud banklarning muammoli kreditlari 16,7 trln soʻmni tashkil etgan. Bu bank tizimidagi jami NPL’ning 70,7 foiziga teng.
Davlat banklarining jami kredit portfelidagi ulushi esa 66,1 foizni tashkil etadi. Yaʼni davlat banklari kredit bozorining uchdan ikki qismini egallagani holda, muammoli kreditlarning oʻndan yetti qismi ularning balansiga toʻgʻri kelmoqda.
Yil boshidan davlat banklaridagi muammoli kreditlar 3,86 trln soʻmga oshgan. Xususiy va xorijiy banklarda esa oʻsish 1,69 trln soʻmni tashkil etgan.
Faqat may oyining oʻzida davlat banklaridagi NPL 1,6 trln soʻmga koʻpaygan. Bu butun bank tizimidagi oylik oʻsishning qariyb 95 foizidir.
Eng katta muammoli kredit portfeli qaysi banklarda?
Mutlaq miqdor boʻyicha eng katta muammoli kreditlar Oʻzmilliybank va Agrobankda jamlangan.
| Bank | NPL hajmi |
|---|---|
| “Oʻzmilliybank” | 3,54 trln soʻm |
| “Agrobank” | 3,15 trln soʻm |
| “Oʻzsanoatqurilishbank” | 2,14 trln soʻm |
| “Asakabank” | 1,95 trln soʻm |
| “Mikrokreditbank” | 1,78 trln soʻm |
| “Xalq banki” | 1,76 trln soʻm |
| Kapitalbank | 1,30 trln soʻm |
| “Biznesni rivojlantirish banki” | 1,08 trln soʻm |
| “Ipoteka-bank” | 1,04 trln soʻm |
Biroq kredit portfeliga nisbatan hisoblaganda eng yuqori NPL darajasi Garant bank’da — 13,9 foiz. TBC Bank’da bu koʻrsatkich 10,4 foiz, Poytaxt bankda 9,9 foiz, Mikrokreditbankda 7,9 foiz va Anorbank’da 7,7 foizni tashkil etgan.
Avvalgi yillarda qanday edi?
Muammoli kreditlarning hozirgi hajmi oʻtgan yilning mos davriga deyarli teng. 2025 yil 1 iyunda banklardagi NPL 23,52 trln soʻmni tashkil etgan edi. Bir yil ichida nominal oʻsish atigi 89 mlrd soʻm yoki 0,4 foiz boʻlgan.
Biroq shu davrda kredit portfeli 12 foizga kengaygani sababli, muammoli kreditlar ulushi 4,1 foizdan 3,7 foizga tushgan.
| Sana | NPL hajmi | Kreditlardagi ulushi |
|---|---|---|
| 2023 yil 1 iyun | 14,64 trln soʻm | 3,5% |
| 2024 yil 1 iyun | 20,94 trln soʻm | 4,3% |
| 2025 yil 1 iyun | 23,52 trln soʻm | 4,1% |
| 2026 yil 1 iyun | 23,61 trln soʻm | 3,7% |
Asosiy farq yil boshidan kuzatilgan oʻsish surʼatida koʻrinadi. 2025 yilning dastlabki besh oyida muammoli kreditlar 2,34 trln soʻmga oshgan boʻlsa, 2026 yilning shu davrida oʻsish 5,55 trln soʻmni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan qariyb 2,4 baravar koʻp.









