2025 yilning I choragida soliq tushumlari 48 trln soʻmdan oshdi
Jumladan, foyda soligʻi boʻyicha tushum 22 foizga, qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) boʻyicha esa 17,1 foizga oshdi.

Oʻzbekistonda 2025 yil I chorakdagi soliq tushumlari miqdori 48,2 trln soʻmni tashkil etdi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi xabar berdi.
2025 yilning dastlabki choragida soliq tushumlari 2024 yilning mos davriga nisbatan sezilarli - 16,9 foizlik oʻsish qayd etildi. Jumladan, foyda soligʻi boʻyicha tushum 11,8 trillion soʻmni tashkil etib, 22 foizga oshdi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) 9,8 trillion soʻmga yetib, 17,1 foizga koʻpaydi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (JShODS) 9,3 trillion soʻmni tashkil etib, 20,3 foizlik oʻsishga erishildi.

Aksiz soligʻi boʻyicha tushumlar 4,5 trillion soʻmni tashkil qilib, 31,2 foizga oshgan boʻlsa, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq 4,3 trillion soʻmni tashkil etib, 25,2 foizlik oʻsishni koʻrsatdi. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va soliqsiz tushumlar 3,6 trillion soʻmga yetib, 35 foizlik oʻsish bilan ajralib turdi.
Yer soligʻi va mol-mulk soligʻi har biri 2,1 trillion soʻmni tashkil etib, mos ravishda 11,1% va 21,1% oʻsishga ega boʻldi. Aholidan olinadigan soliq (AOS) esa 0,7 trillion soʻmni tashkil etib, 18,4 foizga koʻpaydi.