2025 yilning birinchi yarim yilligida avtomobillar savdosida pasayish kuzatildi
Joriy yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda 446 mingta yengil avtomobil sotildi — bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga kam.

2025 yil boshidan buyon Oʻzbekiston avtomobil bozorida barqaror faollik saqlanmoqda. Mavsumiy savdoning pasayishiga qaramay, iyun oyida birlamchi bozorda savdolarning oʻrtacha tiklanishi kuzatildi.
Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan taqdim etilgan tahlilda maʼlum qilindi.
May oyiga nisbatan iyun oyida yengil avtomobillar savdosi hajmi 3 foizga koʻpayib, 80 ming dona avtomobilga yetdi. Yilning birinchi yarmida kuzatilgan tiklanish tendensiyasiga qaramay, yanvar-iyun oylarida jami 446 ming dona yengil avtomobil sotilgan. Bu koʻrsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 23 foizga kamdir.

Bunday pasayish, asosan, savdoning katta qismi toʻgʻri keladigan ikkilamchi bozordagi faollikning susayishi bilan izohlanmoqda. Shu sababli umumiy bozor koʻrsatkichlari ham pasaygan.
Birlamchi bozor
Birlamchi avtomobil bozorida iyun oyida savdolar oʻtgan oyga nisbatan 10 foizdan koʻproqqa oshib, 2,6 ming dona avtomobilga yetdi. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi esa 23,7 ming donani tashkil etdi va bu oʻtgan oyga nisbatan 15,6 foizga oshganini koʻrsatadi. Biroq yangi xorijiy yengil avtomobillar segmentida salbiy dinamika kuzatildi — iyun oyida taxminan 4 ming dona avtomobil sotilib, bu may oyiga nisbatan 12,6 foizga kamaygan.

Ikkilamchi bozor
Ikkilamchi avtomobil bozorida esa iyun oyida 52 ming donadan ortiq foydalanilgan yengil avtomobillar sotildi. Bu koʻrsatkich may oyiga nisbatan atigi 0,4 foizga kam boʻlsa-da, yillik oʻsish 1,3 foizni tashkil etdi. Bu esa ikkilamchi bozordagi holatning nisbatan barqaror ekanligini anglatadi.
Elektromobillar
Elektromobillar bozorida ham ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Iyun oyida yengil elektromobillar savdosi 5,1 ming donani tashkil etdi, bu esa may oyiga nisbatan 1,7 foizga kamroqdir. Shunga qaramay, yillik koʻrsatkichlarda sezilarli oʻsish mavjud. Yilning birinchi yarmida sotilgan elektromobillar soni 28,8 ming donaga yetib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 62,6 foizga oshgan. Elektromobillar savdosining eng katta oʻsishi Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etildi.