2025 yilda oʻzbekistonliklar eng koʻp qaysi davlatlarga sayohat qildi?
2025 yil davomida 7,6 million nafar Oʻzbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda chet elga chiqqan.
Bu 2024 yilga nisbatan 1,42 million nafarga koʻp boʻlib, umumiy oʻsish surʼati 22,2 foizni tashkil etdi.
Eng asosiy yoʻnalishlar hanuz qoʻshni davlatlar boʻlib qolayotgan boʻlsa-da, 2025 yilda Xitoy va Vetnam oʻzbekistonliklar eng koʻp tashrif buyurgan TOP-10 davlatlar qatoriga kirdi.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025 yil davomida 7,6 million nafar Oʻzbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda chet elga chiqqan.
Taqqoslash uchun, 2024 yilda bu koʻrsatkich 6,18 million nafarni tashkil etgan. Natijada, bir yil ichida chet elga sayohat qilganlar soni qariyb 1,4 million nafarga oshib, oʻsish surʼati 22,2 foizni tashkil etdi.
Eng koʻp tashrif buyurilgan davlat Qirgʻiziston boʻlib, bir yil davomida bu mamlakatga 3,3 million nafar oʻzbekistonlik sayohat qilgan. Bu koʻrsatkich 2024 yilga nisbatan 400 ming nafarga koʻp.
Qozogʻiston 2024 yilda uchinchi oʻrinda boʻlgan boʻlsa, 2025 yilda 1,3 million nafar sayohatchi bilan ikkinchi oʻringa koʻtarildi. Bir yil ichida bu davlatga safar qilganlar soni 343,5 ming nafarga oshgan.
Kuchli uchlikni yana bir qoʻshni davlat — Tojikiston yakunlab berdi. 2025 yilda ushbu mamlakatga 1,3 million nafar oʻzbekistonlik tashrif buyurgan.
Rossiyaga turistik maqsadda borganlar soni 433,3 ming nafarni tashkil etdi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoniga 366,2 ming nafar oʻzbekistonlik safar qilgan. Bu koʻrsatkich asosan diniy ibodat yoʻnalishlariga talab oshgani bilan izohlanadi. Xususan, Saudiyaga borganlar soni bir yil ichida 162,9 ming nafarga koʻpaygan.
Boshqa mashhur yoʻnalishlar quyidagilar:
- Turkiya — 268,9 ming nafar;
- BAA — 139,4 ming nafar;
- Misr — 65,4 ming nafar;
- Xitoy — 52,6 ming nafar;
- Vetnam — 39,1 ming nafar.
Eʼtiborlisi shundaki, 2024 yilda eng koʻp tashrif buyurilgan davlatlar oʻntaligidan joy olgan Quvayt va Janubiy Koreya 2025 yilda roʻyxatdan chiqib, ularning oʻrnini Xitoy va Vetnam egallagan.









