2025 yilda oʻzbekistonlik isteʼmolchilarga 1,5 trln soʻmdan ortiq keshbek qaytarildi
2025 yil yanvar–dekabr oylarida Oʻzbekistonda xarid cheklari asosida isteʼmolchilarga jami 1 trln 514 mlrd soʻm keshbek toʻlab berildi.
Davlat soliq qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, yil davomida 7,47 mln nafar foydalanuvchi Soliq ilovasi orqali keshbek xizmatidan foydalangan boʻlib, eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelgan.

2025 yil yanvar–dekabr oylarida Oʻzbekistonda xarid cheklari boʻyicha isteʼmolchilarga jami 1 trln 514 mlrd soʻm keshbek toʻlab berildi. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi maʼlum qildi.
Yil davomida 7,47 mln nafar foydalanuvchi Soliq ilovasi orqali keshbek xizmatidan foydalangan. Jami 1,606 mlrd ta fiskal chek roʻyxatga olingan. Dekabr oyining oʻzida esa 5,36 mln foydalanuvchiga 137,4 mlrd soʻm keshbek hisoblangan.

Oʻrtacha bir chek summasi 102,6 ming soʻmdan 94,2 ming soʻmgacha kamaygan (–8,1%), ushbu cheklar boʻyicha oʻrtacha 942 soʻm keshbek qaytarilgan.
Hududlar kesimida eng katta hajm Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelib, yil yakunida 564 mlrd soʻmdan ortiq keshbek toʻlangan. Keyingi oʻrinlarda Toshkent viloyati (177,2 mlrd soʻm) va Fargʻona viloyati (129,3 mlrd soʻm) joy olgan. Shu bilan birga, Samarqand (103,6 mlrd soʻm), Xorazm (80 mlrd soʻm), Andijon (66,7 mlrd soʻm) va Qoraqalpogʻiston (67 mlrd soʻm) ham yuqori koʻrsatkich qayd etgan.
Eng kam keshbek toʻlangan hududlar esa Sirdaryo viloyati (19,3 mlrd soʻm), Jizzax viloyati (26,5 mlrd soʻm) va Navoiy viloyati (35 mlrd soʻm) boʻlgan. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida 51,3 mlrd soʻm, Buxoro viloyatida 58,7 mlrd soʻm, Qashqadaryo viloyatida 62,1 mlrd soʻm keshbek qaytarilgan.









