2025 yilda Oʻzbekiston banklarida muammoli kreditlar hajmi qanday oʻzgardi?
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda Oʻzbekiston bank tizimidagi muammoli kreditlar hajmi 3,1 trln soʻmga kamaydi.
Ipoteka-bank’da NPL 2,3 trln soʻmga qisqargan boʻlsa, BRB, Oʻzmilliybank va Asakabankda ham muammoli kreditlar sezilarli kamaygan.
Shu bilan birga, TBC Bank, Anorbank va Hayot Bank’da NPL hajmi oshgani qayd etildi.

2025 yilda Oʻzbekiston tijorat banklarining kredit portfeli 70,9 trln soʻmga yoki 13 foizga oshdi. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, yil yakuniga kelib bank tizimining jami kredit portfeli 604 trln soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich AQSh dollarida taxminan 50,3 mlrd dollarga teng.
Shu bilan birga, bank tizimidagi muammoli kreditlar (NPL) hajmi yil davomida 3,1 trln soʻmga kamaydi. Natijada, 2025 yil oxirida NPL umumiy qoldigʻi 18 trln 55 mlrd soʻmni tashkil etdi. Muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi yil boshidagi 4 foizdan 3 foizgacha pasaydi.
Davlat banklari
Davlat banklarida muammoli kreditlar hajmi yil boshiga nisbatan 1 trln 510 mlrd soʻmga kamaydi. 9 ta davlat bankining 6 tasida NP qisqargan boʻlsa, 3 tasida oshgan.
Muammoli kreditlar eng koʻp qisqargan banklar:
- BRB – 805 mlrd soʻmga
- Oʻzmilliybank – 286 mlrd soʻmga
- Asakabank – 251 mlrd soʻmga

Aksincha, ayrim davlat banklarida NPL hajmi oshgan:
- Aloqabank – 235 mlrd soʻmga
- Turon bank – 135 mlrd soʻmga
- Mikrokreditbank – 90 mlrd soʻmga
Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar
Xususiy yoki chet el ulushi mavjud banklarda muammoli kreditlar hajmi yil davomida 1 trln 620 mlrd soʻmga kamaydi. Ushbu banklar guruhida NPL ulushi yil boshidagi 4,1 foizdan 2,6 foizgacha pasaydi.

Eng sezilarli ijobiy oʻzgarish Ipoteka-bank’da kuzatildi. Bankdagi muammoli kreditlar hajmi bir yil ichida 2,3 trln soʻmga kamayib, NPL ulushi 10,2 foizdan 3,5 foizgacha tushdi.
Shuningdek, quyidagi banklarda ham muammoli kreditlar qisqargan:
- Kapitalbank – 416 mlrd soʻmga
- Hamkorbank – 126 mlrd soʻmga
Biroq umumiy tendensiyaga zid ravishda ayrim banklarda NPL hajmi sezilarli oshdi:
- TBC Bank – 431 mlrd soʻmga
- Anorbank – 312 mlrd soʻmga
- Hayot Bank – 186 mlrd soʻmga

Yuqori NPL darajasiga ega banklardagi oʻzgarishlar
2024 yil yakunida muammoli kreditlar ulushi yuqori boʻlgan ayrim banklarda 2025 yil davomida keskin pasayish qayd etildi:
- Madad Invest Bank: 24,1 foizdan 0,6 foizgacha (foiz hisobida eng katta pasayish)
- Garant Bank: 14,8 foizdan 4,9 foizgacha
- AVO Bank: 12,54 foizdan 8,17 foizgacha
- Ipoteka-bank: 10,19 foizdan 3,55 foizgacha
Shu bilan birga, Poytaxt bank’da yil davomida 69 mlrd soʻmlik kreditlar muammoli toifaga oʻtdi. Bu bank kredit portfelining 24,4 foizini tashkil etdi.









