2025 yilda Oʻzbekiston avtomobil bozori qanday oʻzgardi?
2025 yilda Oʻzbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 427 mingta avtomobil sotildi, elektromobillar savdosi esa yil davomida 35 foizga oshdi. Shu bilan birga, UzAuto Motors’ning bozor ulushi 4,7 foizga qisqardi. UzAuto modellaridan keyin eng koʻp sotilgan avtomobil Kia Sonet boʻlib, uning savdosi 19,6 ming donani tashkil etdi.

2025 yil davomida Oʻzbekistonda mahalliy va import qilingan yangi yengil avtomobillar savdosi barqaror oʻsishni namoyon etdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga koʻra, yil yakunida yangi avtomobillar savdosi hajmi 5,2 foizga oshdi.
Hududlar boʻyicha faollik
Hududiy kesimda eng yuqori savdo oʻsishi Sirdaryo viloyatida (45%), Toshkent viloyatida (36%), Namangan (26%) va Qashqadaryo viloyatlarida (21%) qayd etildi.
Shu bilan birga, yil davomida yangi yengil avtomobillar realizatsiyasi Toshkent shahri, Navoiy va Xorazm viloyatlarida pasaygani kuzatildi. Bu hududlarda talabning susayishi bozor tarkibidagi hududiy nomutanosiblikni koʻrsatmoqda.
Mahalliy va import avtomobillar
2025 yilda mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 315 ming donadan oshdi. Import qilingan avtomobillar realizatsiyasi esa 53,3 ming dona atrofida shakllandi. Bozorning asosiy qismi hanuz ichki ishlab chiqaruvchilar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Elektromobillar savdosi asosiy drayver boʻlib turibdi
Yil davomida yangi elektromobillar savdosi 35 foizga oshib, 40,7 ming donaga yetdi. Bu koʻrsatkich avtomobil bozoridagi umumiy oʻsishni taʼminlagan asosiy drayverlardan biri boʻldi.
Hududiy tahlil shuni koʻrsatadiki, elektromobillar savdosi yuqori darajada markazlashgan. Ushbu segmentdagi savdoning 71 foizi Toshkent shahriga toʻgʻri kelib, poytaxtda 29 mingta yangi elektromobil sotilgan.
Keyingi oʻrinlarda Samarqand viloyati, Toshkent viloyati va Qashqadaryo viloyati qayd etildi.
Qaysi avtomobil markasi eng koʻp sotildi?
2025 yilda Oʻzbekistonda mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilar tomonidan 427 ming 97 ta avtomobil sotildi. Bu esa 2024 yilga nisbatan 6,1 foizga koʻproqdir.
Savdo hajmi boʻyicha UzAuto Motors bozor yetakchisi boʻlib qolmoqda — kompaniya 83,2 foizlik bozor ulushiga ega. Korxona yil davomida 355,3 mingta avtomobil sotdi. Biroq mazkur koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 4,7 foizga qisqardi.
Shu bilan birga, bozorda raqobat kuchaymoqda. Kia, Chery, Haval va Hyundai avtomobillarini ishlab chiqaruvchi ADM Jizzakh kompaniyasining bozor ulushi 10,8 foizgacha, BYD ishlab chiqaruvchisining ulushi esa 5,6 foizgacha oshdi. Taʼkidlash joizki, BYD Uzbekistan taʼsischilaridan biri ham “UzAutoSanoat” AJ hisoblanadi.
Eng koʻp sotilgan avtomobil modellari
2025 yilda eng koʻp sotilgan avtomobil modeli Cobalt boʻlib, uning savdosi 128,5 ming donani tashkil etdi. Keyingi oʻrinlarda:
- Damas — 108,8 ming dona
- Tracker — 45,4 ming dona
- Labo — 37,4 ming dona
- Onix — 33 ming dona
Boshqa avtomobillar orasida ham faollik oshdi. Eng koʻp sotilgan keyingi model Kia Sonet boʻlib, 19,6 ming dona bilan yetakchilik qildi.
Shuningdek, BYD’ning uchta modeli savdoda yuqori natija koʻrsatdi:
- Song Plus — 7,3 ming dona
- Yuan Up — 6,2 ming dona
- Chazor Champion — 5,1 ming dona
Haval M6 modeli esa 4,8 ming dona bilan eng koʻp sotilgan avtomobillar qatoriga kirdi.









