12 137.100 so‘m

decrease

-50.580

14 307.210 so‘m

decrease

-59.630

158.530 so‘m

decrease

-0.560

12 137.100 so‘m

decrease

-50.580

Yaqin 25 daqiqa ichida
Bank
24

2025 yilda mikromoliya va lombardlar 31,8 trln soʻm kredit ajratdi — tahlil

Kreditlash hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshdi. 

Onlayn kreditlar ulushi jami ajratilgan mablagʻlarning 70 foiziga yetdi. 

Onlayn segmentdagi jadal oʻsish Uzum Nasiya orqali kredit ajratayotgan “Tezcoin” (15,2 trln soʻm) va “Shaffof-Moliya” (4,8 trln soʻm) faoliyati hajmining keskin kengaygani bilan bogʻliq.

2025 yilda mikromoliya va lombardlar 31,8 trln soʻm kredit ajratdi — tahlil
Foto: AI/Pinkod.uz

2025 yilda mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jami 31,8 trln soʻm miqdorida kredit ajratildi. Bu haqda Markaziy bank maʼlumotlarida keltirib oʻtilgan.

Kreditlash hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshgan. Xususan, mikromoliya tashkilotlarida kreditlar hajmi 2 barobar, lombardlarda esa 1,6 barobarga koʻpaygan. Umumiy ajratilgan kreditlarning 91 foizi yoki 28,9 trln soʻmi mikromoliya tashkilotlari hissasiga, 9 foizi yoki 2,9 trln soʻmi esa lombardlar ulushiga toʻgʻri kelgan.

Onlayn kreditlash sezilarli darajada oshmoqda

2025-yil yanvar–dekabr oylarida ajratilgan kreditlar segmentatsiyasida onlayn kreditlash sezilarli darajada oshdi.

Onlayn kreditlar ulushi oʻtgan yilga nisbatan 21 foiz bandga koʻpayib, mikromoliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan kreditlarning 70 foiziga yetdi. Onlayn kreditlash hajmining keskin oʻsishi asosan “Tezcoin” (15,2 trln soʻm), “Shaffof-Moliya” (4,8 trln soʻm), “Playter” (146 mlrd soʻm) va “Yangi Finance” (243 mlrd soʻm) tomonidan ajratilgan kreditlar hisobiga taʼminlandi.

Maʼlumot uchun, “Tezcoin” va “Shaffof-Moliya” mikromoliya tashkilotlarining egasi “Makesense” MChJ hisoblanadi. Ushbu kompaniya, shuningdek, Uzum Nasiya xizmatiga ham egalik qiladi.

Ajratilgan kreditlar tarkibida 62 foizini 10 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar tashkil etgan. 10–20 mln soʻmlik kreditlar ulushi 15 foizni, 20–50 mln soʻmlik kreditlar 14 foizni, 50–100 mln soʻmlik kreditlar esa 9 foizni tashkil qilgan. Bu koʻrsatkichlar asosan kichik hajmdagi isteʼmol va tezkor ehtiyoj kreditlari ustunligini koʻrsatadi.

Oʻrtacha foiz stavkalari

Foiz stavkalari boʻyicha, 2025-yil dekabr oyida mikromoliya tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlar 30–109,5 foiz koridorida shakllangan. YaTT va yuridik shaxslarga ajratilgan mikrokreditlar boʻyicha stavkalar 30–88 foiz oraligʻida boʻlgan. Yillik oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari mos ravishda 57,6 foiz va 48,7 foizni tashkil etgan.

Lombardlar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlar boʻyicha foiz stavkalari 60–109,5 foiz oraligʻida shakllanib, yillik oʻrtacha tortilgan stavka 97,1 foizni tashkil etgan.

Kredit qoldiqlari

Kredit qoldiqlari ham sezilarli oʻsdi. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldigʻi bir yil davomida 1,4 barobarga oshib, 10,5 trln soʻmga yetdi. Tadbirkorlik subektlariga ajratilgan kreditlar qoldigʻi esa 1,9 barobarga koʻpayib, 921 mlrd soʻmni tashkil etdi. 

Shundan mikrokreditlar qoldigʻi 1,8 barobarga oshib, 694 mlrd soʻmga yetgan. Faktoring xizmatlari hajmi 2,4 barobarga koʻpayib, 222 mlrd soʻmni tashkil etgan boʻlsa, lizing xizmatlari hajmi 37 foizga kamayib, 6 mlrd soʻmga tushgan.

Muammoli kreditlar (NPL)

Muammoli kreditlar ulushi (NPL) mikromoliya tashkilotlarida barqaror darajada saqlanib, portfelning 2,4 foizini yoki 263 mlrd soʻmni tashkil etmoqda. Ularning 86 foizi “shubhali”, 14 foizi esa “umidsiz” kreditlar toifasiga kiradi. NPLni qoplash koeffitsiyenti yil boshiga nisbatan 8 foiz bandga yaxshilanib, 65 foizga yetgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+