12 136.570 so‘m

decrease

-0.530

14 318.730 so‘m

increase

11.520

157.700 so‘m

decrease

-0.830

12 136.570 so‘m

decrease

-0.530

09-fevral, 13:12
Bank
283

2025 yil Oʻzbekistonda aholining xorijiy valyuta taklifi talabdan yuqori boʻldi

2025 yilda Oʻzbekistonda aholi banklarga $21,7 mlrd miqdorida xorijiy valyuta sotib, ulardan $12 mlrd sotib oldi. Natijada aholining xorijiy valyuta taklifi talabdan $9,7 mlrdga yuqori shakllandi.

2025 yil Oʻzbekistonda aholining xorijiy valyuta taklifi talabdan yuqori boʻldi
Foto: AI/Pinkod.uz

2025 yilda ichki valyuta bozorida taklif talabdan sezilarli darajada yuqori boʻldi. Bu haqda Markaziy bankning Ichki valyuta bozori boʻyicha sharhida maʼlum qilindi.

Hisobotga koʻra, yanvar–dekabr oylarida yuridik shaxslarning chet el valyutasiga boʻlgan talabi 2024 yilga nisbatan 24 foizga oshgan, valyuta taklifi esa 36 foizga koʻpaygan.

Xoʻjalik yurituvchi subʼektlar eksport tushumlari hisobidan shakllangan valyuta taklifi 18 foizga oʻsib, $18 mlrdni tashkil etdi. Ushbu mablagʻlarning $9,8 mlrdi yoki 40 foizi ichki bozorda sotildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 19 foiz yoki $1,6 mlrdga koʻp.

Shuningdek, banklar xorijiy kreditlar hisobidan $9,7 mlrd miqdorida valyuta sotgan, bu esa 2024 yilga nisbatan 69 foizga yuqori. Importni moliyalashtirish manbalari tarkibida sotib olingan valyuta mablagʻlari ulushi 63,7 foizni tashkil etdi (2024 yil darajasida qolgan), xorijiy valyutadagi oʻz mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilgan import ulushi esa 24 foiz boʻldi (2024 yilda — 24,5%).

Chet el valyutasi asosan quyidagi maqsadlarda xarid qilingan:

  • 50% — ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi;
  • 28% — xorijiy valyutadagi kreditlarni soʻndirish;
  • 17% — xalq isteʼmoli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi;
  • 2% — xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi;
  • 3% — boshqa maqsadlar.

Markaziy bank taʼkidlashicha, jismoniy shaxslarning banklar bilan amalga oshirgan valyuta operatsiyalari ijobiy saldo bilan yakunlanib, ichki bozorda qoʻshimcha valyuta taklifini shakllantirdi.

Xususan, 2025 yilda aholi banklarga $21,7 mlrd miqdorida chet el valyutasi sotgan, bu 2024 yilga nisbatan 1,4 barobarga koʻp. Shu bilan birga, aholi banklardan $12 mlrdlik valyuta sotib olgan, bu esa 27 foizga oshgan.

Valyuta tushumlarining asosiy manbai sifatida xalqaro pul oʻtkazmalari yetakchilik qildi. 2025 yilda ularning hajmi $18,9 mlrdni tashkil etdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+