2025 йил Ўзбекистонда аҳолининг хорижий валюта таклифи талабдан юқори бўлди
2025 йилда Ўзбекистонда аҳоли банкларга $21,7 млрд миқдорида хорижий валюта сотиб, улардан $12 млрд сотиб олди. Натижада аҳолининг хорижий валюта таклифи талабдан $9,7 млрдга юқори шаклланди.

2025-yilda ichki valyuta bozorida taklif talabdan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bankning Ichki valyuta bozori bo‘yicha sharhida ma’lum qilindi.
Hisobotga ko‘ra, yanvar–dekabr oylarida yuridik shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan talabi 2024-yilga nisbatan 24 foizga oshgan, valyuta taklifi esa 36 foizga ko‘paygan.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar eksport tushumlari hisobidan shakllangan valyuta taklifi 18 foizga o‘sib, $18 mlrdni tashkil etdi. Ushbu mablag‘larning $9,8 mlrdi yoki 40 foizi ichki bozorda sotildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 19 foiz yoki $1,6 mlrdga ko‘p.
Shuningdek, banklar xorijiy kreditlar hisobidan $9,7 mlrd miqdorida valyuta sotgan, bu esa 2024-yilga nisbatan 69 foizga yuqori. Importni moliyalashtirish manbalari tarkibida sotib olingan valyuta mablag‘lari ulushi 63,7 foizni tashkil etdi (2024-yil darajasida qolgan), xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilgan import ulushi esa 24 foiz bo‘ldi (2024-yilda — 24,5%).
Chet el valyutasi asosan quyidagi maqsadlarda xarid qilingan:
- 50% — ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi;
- 28% — xorijiy valyutadagi kreditlarni so‘ndirish;
- 17% — xalq iste’moli tovarlari va doridarmon mahsulotlari importi;
- 2% — xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi;
- 3% — boshqa maqsadlar.
Markaziy bank ta’kidlashicha, jismoniy shaxslarning banklar bilan amalga oshirgan valyuta operatsiyalari ijobiy saldo bilan yakunlanib, ichki bozorda qo‘shimcha valyuta taklifini shakllantirdi.
Xususan, 2025-yilda aholi banklarga $21,7 mlrd miqdorida chet el valyutasi sotgan, bu 2024-yilga nisbatan 1,4 barobarga ko‘p. Shu bilan birga, aholi banklardan $12 mlrdlik valyuta sotib olgan, bu esa 27 foizga oshgan.
Valyuta tushumlarining asosiy manbai sifatida xalqaro pul o‘tkazmalari yetakchilik qildi. 2025-yilda ularning hajmi $18,9 mlrdni tashkil etdi.









