2024 yilning 5 ta muvaffaqiyatsiz texnologiyalari
Texnologiya asrida yana bir shiddatli yil ortda qolmoqda. Katta vaʼdalar bilan chiqqan, biroq oʻzini oqlamagan mahsulot va innovatsiyalarni tahlil qilish vaqti keldi. Pinkod ortda qolayotgan yilda kutilganidek yutuqlarga erisha olmagan texnologiyalar roʻyxatini tuzib chiqdi.
Windows Recall: innovatsiya va maxfiylik ziddiyati
Microsoft oʻzining Windows 11 Recall funksiyasi orqali maʼlumot qidirishni inqilobiy darajaga olib chiqishni maqsad qilgan edi. Bu orqali texnologiya foydalanuvchilarning kerakli hujjat yoki faylini sunʼiy intellekt yordamida tez va aniq topishga yordam berishi kerak boʻlgan. Ammo funksiyaning ishlashi uchun juda koʻp shaxsiy maʼlumotlarni yigʻish zarur edi, bu esa maxfiylikka oid jiddiy savollarni keltirib chiqardi. Tanqidlar tufayli Microsoft ushbu funksiyani nomaʼlum muddatga toʻxtatishga majbur boʻldi. Sunʼiy intellekt inqilobida yetakchi boʻlishni maqsad qilgan kompaniya uchun bu innovatsiya va maxfiylik oʻrtasidagi nozik chegarani eslatib qoʻyuvchi dars boʻldi.
Apple Vision Pro: Juda qimmat, juda chalkash
Apple’ning Vision Pro mahsuloti jismoniy va raqamli olamni birlashtiruvchi texnologiya, virtual reallik sari katta qadam boʻlishi kutilgan edi. Biroq, $3,500 lik qimmat narx va bu narxni oqlaydigan asosiy dastur yoki funksiyalarning yoʻqligi sababli mahsulot oʻz auditoriyasini topa olmadi. Texnologiyadagi yuqori darajadagi tiniq displeylar va ilgʻor dastur imkoniyatlari chindan ham hayratlanarli edi. Ammo mahsulot kim uchun moʻljallangani va qanday maqsadda ishlatilishi kerakligi aniq emasdi. Aniq maqsad va amaliy foydalanish yoʻqligi tufayli Vision Pro foydalanuvchi muammosini hal qiladigan yechim emas, aksincha bozorda oʻzining oʻrni va ahamiyatini izlayotgan texnologiyaga oʻxshab qoldi. Kim biladi, balki Apple bu xatolardan xulosa chiqarib, yaqin yillarda Vision pro ning arzonroq versiyasini chiqarib qolar va shunda u foydalanuvchilar tomonidan iliq qabul qilinar.
Rabbit R1: shiddatli oʻsish oʻrniga muvaffaqiyatsizlik
Rabbit R1 bozorda shaxsiy sunʼiy intellekt yordamchisi sifatida katta vaʼdalar bilan paydo boʻldi. Bu yoqimtoy va interaktiv qurilma foydalanuvchilarning ehtiyojlarini oldindan bilishi, foydali maslahatlar berishi va ularni oʻyin-kulgi bilan taʼminlashi kerak edi. Ammo qurilma kutilganidek muvaffaqiyatga erisha olmadi. Foydalanuvchilar uning sekin ishlashi, ovoz tanishdagi noaniqliklar va amaliy jihatdan foydali funksiyalarning yoʻqligidan norozi boʻlishdi. Alexa va Google Assistant kabi raqiblar fonida Rabbit R1 qimmatbaho, ammo foydasiz gadjetga aylanib qoldi. Shunday qilib, mahsulot bozorda tezda oʻz ahamiyatini yoʻqotdi.
Intel Core 14 avlod protsessorlari
2023 yil oxirida Intel’ning soʻnggi protsessori kuchli ishlash koʻrsatkichlari bilan bozorga taqdim etildi. Texnologiya 2024 yil trendi boʻlishi kerak edi. Biroq, tez-tez uchraydigan tizim xatolari, dasturiy taʼminot bilan moslashuvdagi muammolar va beqaror ishlash foydalanuvchilar ranjishiga olib keldi. Masalan, bir qancha dasturlar protsessorlar bilan mos kelmay, ishlashni toʻxtatib qoʻydi, bu esa foydalanuvchilarning noroziligini keltirib chiqardi. AMD va Apple’ning M-seriyasi bilan raqobatlashayotgan Intel bu muvaffaqiyatsizlik bilan oʻz obroʻyiga putur yetkazdi. Kompaniyaning shoshilib chiqarilgan mahsulotlari ishonchni yetarli oqlay olmagani sababli muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Humane AI Pin: ayni vaqtda keraksiz qurilma
Rabbit R1 kabi, Humane AI Pin ham kutilgan natijalarga erisha olmadi. Dastlab juda yaxshi kutib olingan bu yangilik tez orada skeptiklarning xavotirlarini haqiqatga aylantirdi. Bu qurilma kiyimga magnit yordamida oʻrnatiladigan kichik kompyuter boʻlib, ovozli buyruqlar va lazer proyektor yordamida qoʻlga interfeysni proyeksiyalash imkonini beradi. Ammo qurilma juda qimmat, sekin ishlaydi va koʻpincha notoʻgʻri javoblar beradi. Texnologiya sharhlovchilari uni juda noqulay va ishonchsiz deb baholashdi. Bu kabi qurilmalar katta ehtimol kelajakda juda foydali boʻladi, lekin hozirgi kunda smartfonlarning oʻrnini egallay olmaydi.
Yuqoridagi qurilmalarni butkul yomon yoki muvaffaqiyatsiz deb boʻlmaydi, albatta. Sababi, tarixda koʻplab tanqidga uchragan innovatsiyalar, keyinchalik tom maʼnoda inqilobni boshlab bergan holatlari juda koʻp. Shunday boʻlsa-da, toki oʻzini oqlamaguncha bu mahsulotlar tanqidlarga uchrashda davom etadi.