2024 yilda Oʻzbekistonga qariyb $40 million yordam koʻrsatgan AQShning USAID dasturi butunlay tugatiladi
Bu oʻzgarish Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga qanday taʼsir koʻrsatadi?
AQShda Donald Tramp prezident etib saylangach hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbariga aylangan Ilon Mask USAID tashkilotining qayta tiklanmaydigan tarzda yopilishi haqida eʼlon qildi. Maskning aytishicha, Tramp ham tashkilotni bekor qilish vaqti yetganini taʼkidlamoqda. Butun dunyo savdo urushlari bilan chalgʻib turgan paytda, dasturning veb-sayti shunchaki ishlamay qoldi.
AQSh davlatlarga global yordam berish boʻyicha eng katta donor hisoblanadi. 2023 yilda mamlakat chet davlatlarga $68 milliard pul ajratgan. 2024 yilda bu miqdor $39 milliardni tashkil qilgan. Tramp prezident etib saylanganiga bir hafta boʻlmasidan esa bu yordamlarning barchasi uzib qoʻyildi.
USAID 1961 yildan beri faoliyat yuritayotgan AQShning xalqaro taraqqiyot dasturi boʻlib, u ijtimoiy, iqtisodiy va inson huquqlari sohalarida davlatlarga har yili milliardlab dollar miqdorida yordam koʻrsatib keladi.
2023 yilda USAID federal byudjetning 1% dan kam qismini tashkil etgan holda, 40 milliard dollardan ortiq mablagʻni 130 ta mamlakatga yoʻnaltirdi. Eng koʻp yordam oluvchilar qatorida Ukraina ($16 mlrd), Efiopiya ($1,4 mlrd), Iordaniya ($1,2 mlrd), Kongo Demokratik Respublikasi ($943 mln) va Somali ($972 mln) bor. 2024 yilda bu miqdor biroz kamayib, $35,5 mlrddan koʻproqni tashkil qildi. Shuningdek, USAID’da 10 000 dan ortiq xodim faoliyat yuritib, ularning uchdan ikki qismi AQShdan tashqarida ish olib boradi.
Bu Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoga qanday taʼsir koʻrsatadi?
USAID dasturining tugatilishi Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy, siyosiy va strategik jihatdan ham sezilarli taʼsir koʻrsatadi. AQShning yordamini bekor qilishi natijasida, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan sogʻliqni saqlash, taʼlim, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiy rivojlanish loyihalari birdaniga moliyaviy qoʻllab-quvvatlashsiz qolishi mumkin. Ayniqsa, qashshoqlik va ijtimoiy tengsizlik bilan kurashayotgan hududlar uchun bunday oʻzgarishlar salbiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli mavjud.
USAID faol ravishda Oʻzbekistondagi bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlab keladi. Misol uchun, dastur tomonidan Orol boʻyi mintaqasini tiklash va choʻllashuvini oldini olish uchun qariyb $1,6 million mablagʻ ajratgan.
2024 yil hisobida USAID Oʻzbekistonga jami 39 082 588 dollar miqdorida yordam koʻrsatgan boʻlib, soha boʻyicha ajratilgan mablagʻlar quyidagicha taqsimlangan:
Sogʻliqni saqlash – $11 million
Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash dasturi – $8,7 million
Iqtisodiy rivojlanish – $6,5 million
Taʼlim va ijtimoiy xizmatlar – $5,1 million
Boshqa yordamlar
Markaziy Osiyo mintaqasida 2024 yilda USAID tomonidan ajratilgan umumiy mablagʻ $158,8 million tashkil etadi. Eng koʻp mablagʻ Tojikistonga ajratilgan boʻlib, bu miqdor $58 milliondan oshgan, keyingi oʻrinda Qirgʻiziston – $44,5 million, Oʻzbekiston – roʻyxatda uchinchi oʻrinda boʻlsa, Qozogʻiston $14 milliondan koʻproq yordam olgan. Turkmanistonga esa $2,8 million mablagʻ ajratilgan.
Qanday kutilmalar mavjud?
USAID dasturining yopilishi AQShning Markaziy Osiyodagi taʼsirining kamayishiga sabab boʻlishi mumkin. Bloomberg tahlilicha, bu oʻzgarish Xitoy va boshqa davlatlarga global miqyosda taʼsirni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Xitoy 2018 yilda xalqaro yordam uchun yangi tashkilot tuzgan boʻlib, Afrika va Osiyo davlatlariga infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun kreditlar ajratmoqda. AQSh global yordamni qisqartirishi ortidan Xitoyning bunday dasturlarni kengaytirishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya va Yevropa Ittifoqi ham soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida taʼsirini kuchaytirishga intilmoqda. AQShning yordam dasturlari toʻxtatilishi ushbu geosiyosiy oʻzgarishlarni tezlashtirishini kutish mumkin.