11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

13 329.150 so‘m

decrease

-108.120

146.750 so‘m

increase

0.790

11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

Yaqin 3 soat ichida
Iqtisodiyot
66

20 mln dollarlik kamomad daʼvosi, 128 ming dollarlik Mercedes va millionlab dollarlik qarzlar. IMAN Invest’da nimalar boʻlyapti?

IFCB kengashi IMAN Invest da investorlar mablagʻlari notoʻgʻri sarflanganini bildirib, kompaniya bilan hamkorlikni toʻxtatdi. 

Kompaniya asoschisi Rustam Rahmatov ayblovlarni rad etgach, kengash aʼzosi Mahmud Usmon oʻz eʼtirozlariga asos boʻlgan ichki tekshiruv hujjatlarini eʼlon qildi. 

Ularda investorlar hisobidan avtomobil xarid qilingani, boshqaruv xarajatlari qoplangani va millionlab dollarlik muammoli qarzlar qayd etilgan. 

Mutaxassis shuningdek kompaniyada 20 mln dollarlik kamomad bor ekanligini ham daʼvo qilmoqda. IMAN esa mustaqil sharʼiy audit natijalarini ochiqlashga vaʼda berdi. 

Pinkod tomonlarning bayonotlari va eʼlon qilingan hujjatlarni oʻrganib, bahsning asosiy tafsilotlarini jamladi.

20 mln dollarlik kamomad daʼvosi, 128 ming dollarlik Mercedes va millionlab dollarlik qarzlar. IMAN Invest’da nimalar boʻlyapti?

25 oktabr kuni Islom moliyasiga muvofiqlashtirish kengashi — IFCB “Iman Invest” bilan hamkorlikni toʻliq toʻxtatganini eʼlon qildi. Kengash aʼzolari Mahmud Usmon va Husayn Rajabov kompaniya faoliyatini islom moliyasi mezonlariga muvofiq emas deb baholagan.

Mahmud Usmon videomurojaatida kengash kompaniya bilan ikki yildan ortiq hamkorlik qilgan boʻlsa-da, uning faoliyati halolligi yuzasidan yakuniy ijobiy xulosa bermaganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, bu davrda sharʼiy audit davom etgan.

Olimning maʼlum qilishicha, iyul oyida IFCBga kompaniyadagi shubhali tranzaksiyalarni koʻrsatuvchi hujjatlar kelib tushgan. Shundan soʻng moliyachi, huquqshunos va sharʼiy auditordan iborat taftish komissiyasi tuzilgan. Uch yarim oy davom etgan tekshiruvning soʻnggi moliyaviy natijalari 15 oktabrda maʼlum boʻlgan.

Kengash investorlar mablagʻlari shaxsiy manfaatlar, jumladan, avtomobil va xonadonlar xaridi, shuningdek, boshqaruvchi kompaniyaning maʼmuriy xarajatlariga sarflanganini bildirdi. IFCB daʼvosiga koʻra, bunday qarorlar oqibatida kompaniyada bir necha million dollarlik kamomad yuzaga kelgan.

Kengash mudoraba asosida ishlaydigan kompaniyada investor kapitalining bir qismi qaytmaydigan holatga tushgan paytda ham foyda taqsimlanganiga eʼtiroz bildirgan. Qoidabuzarliklar bartaraf etilib, zarar qoplanmaguncha IMANga mablagʻ kiritishni shariat nuqtai nazaridan tavsiya etmasligini maʼlum qilgan.

IMANning javobi va yangi audit vaʼdasi

Ushbu chiqish ortidan IMAN rasmiy bayonot berib, koʻtarilgan masalalarga jiddiy qarayotganini bildirdi. Kompaniya Muftiy Hasan Usmoniyga tegishli “Usmani’s” auditorlik kompaniyasi bilan mustaqil sharʼiy audit oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishilganini va tekshiruv boshlanganini maʼlum qildi.

IMAN audit natijalarini qanday boʻlishidan qatʼi nazar ochiqlashga vaʼda berdi. Bundan tashqari, bir nechta olimdan iborat yangi ichki islom moliyasi kengashi shakllantirilayotgani aytildi. Kengash ish boshlaguncha yangi mahsulotlarni chiqarish va amaldagilariga oʻzgartirish kiritish toʻxtatilgan.

Keyinroq kompaniya asoschisi Rustam Rahmatov videomurojaat bilan chiqib, Mahmud Usmonning daʼvolarini rad etdi. Uning aytishicha, ikki yarim yillik hamkorlik davomida Mahmud Usmonga 100 ming dollardan ortiq xizmat haqi toʻlangan.

Rahmatov kelishmovchilik ushbu toʻlovlarni kamaytirish va kompaniyadan ulush berishni rad etish ortidan yuzaga kelganini daʼvo qildi. U ikki yil avval boshqa kompaniya oʻtkazgan auditda kompaniya faoliyati sharʼiy talablarga muvofiq deb topilganini ham aytdi. Rahmatov investorlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlar oʻz kuchida qolishini taʼkidladi.

“Menga ulush kerak emas, yetimxonaga berib yubor”

Mahmud Usmon esa kompaniyadan ulush talab qilgani haqidagi gaplarni rad etdi. Uning aytishicha, suhbat davomida Rahmatovga “Menga ulush kerak emas, ulushingni yetimxonaga berib yubor”, degan. U bu suhbatga Abror Muxtor Aliy ham guvoh boʻlganini bildirdi.

Mahmud Usmonning taʼkidlashicha, uning talabi Rahmatovning kompaniya boshqaruvidan ketishi va oʻrniga boshqa rahbar tayinlanishi boʻlgan. U Rahmatovni qoʻllab-quvvatlagan maslahatchilar ham unga “Siz ketmasangiz boʻlmaydi”, deganini aytdi.

Shuningdek, Mahmud Usmon ayrim mutaxassislar Rahmatov rahbarlikdan ketmagani sababli kompaniyani tark etganini daʼvo qildi. U oʻziga nisbatan aytilgan gaplarni tuhmat deb baholab, shaʼnini sud orqali himoya qilishini bildirdi.

Islomshunos olim moliyaviy eʼtirozlarga asos boʻlgan hujjatlar va uchrashuv yozuvlarini bosqichma-bosqich ochiqlashini maʼlum qildi. Shundan soʻng uning Telegram kanalida taftish komissiyasini tashkil etish va avtomobillar xaridiga oid qarorlar eʼlon qilindi.

2,97 mln dollarlik qarz va investorlar hisobidan qoplangan xarajatlar

Birinchi qarorga ilova qilingan dastlabki audit natijalarida boshqaruvchi “Iman Halal Investments” MChJ oʻz xarajatlarini investorlar mablagʻlari jamlangan kommandit shirkatdan qarz olish orqali qoplab kelgani yozilgan. 2026 yil 31 may holatiga ushbu qarz qoldigʻi 2,97 mln dollarni tashkil etgan.

Ilovada shirkat xarajatlariga boshqaruvchi kompaniyaning ish haqi, marketing, skoring va tranzaksiya komissiyalari ham kiritilgani koʻrsatilgan. Ish haqi xarajatlari oyiga oʻrtacha 300 ming dollar, marketing xarajatlari esa 124 ming dollargacha boʻlgan.

Audit mualliflari bunday xarajatlarni investorlar hisobidan qoplash taʼsis shartnomasi va ommaviy ofertada belgilanmaganini bildirgan. Ularning bahosiga koʻra, bu boshqaruvchi kompaniyaning operatsion risklarini investorlar zimmasiga oʻtkazgan va ularga taqsimlanadigan daromadni kamaytirgan.

Hujjatda umumiy xarajatlarning 60 foizidan ziyodi kommandit shirkat faoliyatiga bevosita aloqasi boʻlmagan yoʻnalishlarga sarflangani ham qayd etilgan. Misol sifatida “Imanum 5.0” ochilish marosimiga 144 ming dollar va xususiy banking yoʻnalishiga 187 ming dollar sarflangani keltirilgan.

Shuningdek, 31 may holatiga boʻlib toʻlash — BNPL portfelidagi qaytmaydigan muammoli qarzlar 9,5 mln dollar, yaʼni portfelning taxminan 17–18 foizi deb koʻrsatilgan. Mijozlardan toʻlov hali kelib tushmasidan foyda tan olingani va investorlar dividendlarini hisoblashda undan foydalanilgani ham audit eʼtirozlari qatoriga kiritilgan.

Boshqaruvga oid qarorda Rustam Rahmatovning kompaniya va unga aloqador tashkilotlarning kundalik faoliyatiga aralashmasligi belgilangan. Uning faoliyatini investitsiya va moliyalashtirish jalb qilish hamda investorlar oldida kompaniya manfaatlarini ifodalash bilan cheklash nazarda tutilgan.

128 ming dollarlik Mercedes va BYD boʻyicha qarzdorlik

Taftish komissiyasining 3 iyuldagi alohida qarori esa investorlar mablagʻlari hisobidan xarid qilingan avtomobillarga bagʻishlangan.

Unda 10 aprel kuni kommandit shirkat hisobidan “Founders Trust 1” MChJga 128 ming dollar ekvivalentida pul oʻtkazilgani yozilgan. Toʻlovga asos boʻlgan konsorsium shartnomasi bir kun oldin imzolangan.

Komissiya ushbu mablagʻga Rustam Rahmatov foydalanishi uchun Mercedes-Benz S500 avtomobili xarid qilinganini qayd etgan. Qarorda pul olgan MChJning taʼsischisi va rahbari kompaniya xodimi ekani, bitim manfaatlar toʻqnashuvi sharoitida tuzilgani va uning investorlar uchun iqtisodiy maqsadga muvofiqligi tasdiqlanmagani aytilgan.

Komissiya tegishli avtomobillarni sotish orqali zararni qoplashni belgilagan. Sotuvdan tushgan mablagʻ yetmasa yoki qoʻshimcha xarajatlar yuzaga kelsa, farqni Rahmatovning shaxsiy hisobidan undirish choralarini koʻrish nazarda tutilgan.

Shu qarorda Rahmatov 2023 yil dekabrda muddatli toʻlovga olgan BYD Champion avtomobili boʻyicha ham qarzdorlik koʻrsatilgan. Hujjatga koʻra, oxirgi toʻlov 2025 yil 4 mayda amalga oshirilgan, shundan keyin toʻlovlar toʻxtagan.

Qaror qabul qilingan paytda muddati oʻtgan qarzdorlik 306,5 mln soʻm, qolgan jami toʻlov majburiyati esa qariyb 366,9 mln soʻm boʻlgan. Komissiya muddati oʻtgan qarzni oʻn kalendar kun ichida toʻlashni belgilagan.

20 mln dollarlik kamomad haqidagi daʼvo

Mahmud Usmon soʻnggi videomurojaatida taxminan 70 mln dollarlik portfelda 20 mln dollarlik kamomad borligini ham daʼvo qildi. U bu raqamni moliyachilar hisob-kitobiga bogʻlab, tegishli uchrashuv yozuvlarini ochiqlashini aytdi. Biroq eʼlon qilingan ikki qarorda aynan 20 mln dollarlik kamomad qanday hisoblangani ochib berilmagan.

Hujjatlardagi 9,5 mln dollarlik muammoli qarzlar va boshqaruvchi kompaniyaning 2,97 mln dollarlik qarzini ham toʻgʻridan toʻgʻri investorlarning yakuniy yoʻqotishi deb boʻlmaydi. Buning uchun qarzlarning qanchasi undirilishi mumkinligi, aktivlar qiymati va kompaniya majburiyatlari toʻliq hisobga olinishi kerak.

Iyuldagi qarorlarda avtomobillarni sotish va qarzdorlikni undirish talablari belgilangan boʻlsa-da, ularning ijrosi ushbu hujjatlarda aks etmagan. IMAN vaʼda qilgan yangi audit natijalari esa hozircha eʼlon qilinmagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+