19 yoshli Diyorbek Qambarov Pinkod.uz bosh muharriri etib tayinlandi
Bugun, 30 iyun — Yoshlar kunida Pinkod.uz nashri jamoasida ramziy maʼnoga ega va oʻziga xos boʻlgan tayinlov amalga oshirildi.
Soʻnggi ikki yil davomida sayt rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan hamda tahliliy yoʻnalishdagi kontentlar muallifi boʻlgan Diyorbek Qambarov saytning bosh muharriri lavozimiga tayinlandi.

Diyorbek Qambarov 2007 yilda Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida tugʻilgan. Hali yosh boʻlsa-da, u allaqachon media sohasida oʻz soʻzi va uslubiga ega boʻlib ulgurdi. Oʻtgan ikki yil davomida Pinkod.uz tahririyatining yukini yelkasiga olib, loyihadagi eng dolzarb maqolalar, eksklyuziv materiallar va tahliliy kontentlarni aynan Diyorbek Qambarov yozib kelgan.
Uning mehnatsevarligi, axborot bilan ishlash qobiliyati va yosh boʻlishiga qaramay masalalarga jiddiy yondashishi bugungi tayinlovga asosiy turtki boʻldi.
Ushbu tayinlovning aynan 30 iyun — Yoshlar kunida eʼlon qilinishi ham ramziy maʼnoga ega. Bu bugungi Oʻzbekiston mediasi yosh, shijoatli va kreativ kadrlarga ishonch bildirishdan qoʻrqmayotganining yaqqol isbotidir. 19 yoshda respublika miqyosidagi raqamli nashrga rahbarlik qilish — ham ulkan masʼuliyat, ham tengdoshlari uchun katta motivatsiya.
“Diyorbek soʻnggi ikki yilda oʻz ishi bilan bosh muharrirlik darajasiga oʻsib boʻlgan edi. Bugungi tayinlov faqatgina buni rasmiylashtirdi, xolos. Uning rahbarligida Pinkod.uz yanada yangi bosqichga chiqishiga, oʻquvchilarga yanada sifatli va kreativ kontent yetkazib berishiga ishonamiz”.









