16 oylik minimum: Bitcoin narxi 60 ming dollargacha pasaydi
6 fevral kuni ertalab Bitcoin narxi keskin pasayib, $60 ming atrofigacha tushdi. Natijada Bitcoin fondlaridan (ETF) ikki kun ichida $800 mlndan ortiq mablagʻ chiqib ketdi.

Bitcoin (BTC) narxi 6 fevral, juma kuni ertalab keskin arzonlashib, $60 008 darajasigacha tushdi.
Bu koʻrsatkich soʻnggi 16 oy ichidagi eng past narx boʻlib, 2025 yil oktabr oyida qayd etilgan taxminan $126 minglik tarixiy maksimumdan 50% dan ortiq pasayishni anglatadi. Mutaxassislar bu qulashni 2022 yilda FTX birjasi qulaganidan beri eng katta bir kunlik pasayish deb baholamoqda.
Soʻnggi 24 soat ichida Bitcoin narxi qariyb 17% ga tushdi va qisqa vaqtga $60 000 darajasidagi muhim psixologik va texnik qoʻllab-quvvatlash chizigʻiga yetib bordi. Shundan soʻng bozor biroz tinchib, narx qisman tiklanib $64 153 atrofida shakllandi, biroq umumiy vaziyat hanuz beqarorligicha qolmoqda.
Bitcoin jonli narxi bilan quyida tanishish mumkin:
Bozordagi keskin qoʻrquv holati indekslarda ham yaqqol aks etdi. Crypto Fear & Greed Index koʻrsatkichi 5–9 ballgacha tushib ketdi. Bu “haddan tashqari qoʻrquv” holatini bildiradi va 2022 yil oʻrtalaridan beri eng past daraja hisoblanadi.
Bitcoin narxi juda tez tushib ketgani sababli bozorda zanjirli reaksiya yuz berdi. Koʻp odamlar Bitcoin qimmatlashadi deb, qarzga pul olib savdo qilgan edi. Narx tusha boshlagach, tizim ularning bitimlarini avtomatik yopib yubordi, chunki zarar juda kattalashdi. Bu esa bozorda yanada koʻproq sotuv boʻlishiga olib keldi. Natijada $2,3–2,7 milliard miqdoridagi savdolar majburan yopildi va bu Bitcoin narxining yanada tezroq pasayishiga sabab boʻldi.
Shu bilan birga, institutsional investorlar ham bozordan chiqishni kuchaytirdi. Spot Bitcoin ETF’lardan rekord darajada mablagʻ chiqib ketdi. Ikki kunning oʻzida jami $800 milliondan ortiq kapital ushbu fondlarni tark etdi. Eng katta chiqim BlackRock’ning IBIT fondida qayd etilib, birgina savdo sessiyasi davomida $373 million mablagʻ chiqib ketdi. Bu esa yirik investorlar ham qisqa muddatda ehtiyotkor pozitsiyaga oʻtayotganini koʻrsatmoqda.









