КАТМ иловасида кафил бўлишдан олдин кредит тарихини текшириш имкони пайдо бўлди
Кредит бюроси маълумотига кўра, КАТМ мобил иловасида кафил ва кредит мажбуриятларига оид учта янги пуллик хизмат жорий этилди.
Улар орқали фойдаланувчилар кредит тарихини текшириш, кафиллик мажбуриятларини назорат қилиш ҳамда муддати ўтган тўловлар бўйича маълумот олиши мумкин.

KATM mobil ilovasida foydalanuvchilar uchun uchta yangi pullik xizmat joriy etildi. Bu haqda kredit byurosi matbuot xizmati xabar berdi.
“Ishonchli kafil” xizmati
Ushbu xizmat kafil bo‘lishdan oldin qarz oluvchining kredit tarixini tekshirish imkonini beradi. Jumladan, uning amaldagi majburiyatlari, to‘lov intizomi hamda kredit skoring balli haqida ma’lumotlar taqdim etiladi. Xizmatdan foydalanish narxi — 8 240 so‘m.
“Kimga kafilman” xizmati
Mazkur xizmat orqali foydalanuvchi qaysi shaxslarga kafil ekanligini ko‘rishi, mavjud kafillik majburiyatlarini nazorat qilishi hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlarni baholashi mumkin. Xizmat narxi — 2 060 so‘m.
“Muddati o‘tgan to‘lovlar” xizmati
Ushbu xizmat asosiy qarzdorlik bo‘yicha 90 kundan ortiq kechiktirilgan to‘lovlar kredit tarixidan qachon chiqarilishi (o‘chirilishi) muddatini kuzatib borish imkonini beradi. Xizmatdan foydalanish qiymati — 4 120 so‘m.









